Galaxy A41 benchmarkda: Samsung uni arzon qilish uchun kutilmagan ishga qo‘l uribdi!

  •   DiMaX
  •  9544
  •  31.01.2020 17:09

Galaxy A41 benchmarkda: Samsung uni arzon qilish uchun kutilmagan ishga qo‘l uribdi!

Samsung kompaniyasi o‘rta narxli Galaxy A hamda hamyonbop Galaxy M turkumlarida bir qator smartfonlarni tayyorlamoqda. Masalan, kuni kecha Wi-Fi Alliance tashkilotida ham ro‘yxatdan o‘tgan Galaxy M21 bestseller bo‘lishi kutilmoqda.

O‘QING: Ikkita hamyonbop Samsung xiti tayyor: uchtalik kamera, baquvvat batareya, kuchli protsessor...

Keyingi paytlarda insayderlar tomonidan ayrim xususiyatlari e’lon qilinayotgan o‘rta narxli smartfonlardan yana biri esa Samsung Galaxy A41 bo‘ladi. Bugun – 31 yanvar kuni uni Geekbench servisida tekshirib ko‘rishdi va u samaradorlik bo‘yicha quyidagicha natija namoyon etdi:

Guvohi bo‘layotganingizdek, SM-A415F kodli raqami ostida qayd etilgan bu smartfon yakka yadroli sinovda 1684 ball, ko‘p yadroli imtihonda esa 5043 ball to‘plagan.

O‘QING: Galaxy A31 va Galaxy A41 ham baquvvat batareya, kuchli kameraga ega bo‘lyapti

Lekin benchmarkda aks etgan ma’lumotlardan eng qizig‘i – Galaxy A41 modelining MediaTek Helio P65 chipsetiga ega ekanidir. Zero, Samsung ushbu lineykaning vakillarida tayvanlik chipsozning protsessorlarini umuman qo‘llamasdi. Aftidan, janubiy koreyaliklar mahsulot tannarxini biroz pasaytirish uchun arzonroq chipsetga murojaat etishlariga to‘g‘ri kelgan.

Galaxy A41 modelining «elektron yuragi» 1,70 GGs takt chastotasida ishlovchi sakkizta yadroni o‘zida jamlagan. Smartfonning samaradorligini ta’minlashda ushbu protsessorga 4 gigabaytlik tezkor xotira yelkadosh bo‘ladi. Ehtimol, uning 6 gigabaytlik konfiguratsiyali varianti ham bo‘lar – buyog‘ini endi vaqt ko‘rsatadi.

Samsung ushbu qurilmani Android 10 asosida tayyorlangan One UI 2.0 proshivkasi bilan ta’minlagan. Mish-mishlarga qaraganda, uning doimiy xotirasi boshlang‘ich konfiguratsiyada 64 gigabaytga teng bo‘ladi. Shuningdek, uning bosh kamerasidagi asosiy sensori 48 megapiksellik bo‘lishi, 3500 mA/soatlik akkumulyatori esa 15 vattlik tezqor quvvatlanishi ham aytilmoqda.

Afsuski, Galaxy A41 narxi va taqdimot sanasi hozircha noma’lum; bu boradagi yangiliklarni biz bilan birga kuzatishda davom eting.

O‘QING: Samsung fevralda yana ikkita arzon, ammo «bag‘rikeng» smartfon taqdim etadi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!