Galaxy A52 4G hamda A52 5G: narxlari, farqlari va umumiy jihatlari

  •   DiMaX
  •  2014
  •  03.03.2021 09:54

Galaxy A52 4G hamda A52 5G: narxlari, farqlari va umumiy jihatlari

Samsung o‘tgan yili eng ko‘p sotilgan Galaxy A51 smartfonining davomchisi bo‘lgan Galaxy A52 (yoki Galaxy A52 5G) modelini tayyorlamoqda. Uning beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llamaydigan versiyasi – Galaxy A52 4G ham chiqishi aniq bo‘lgan.

O‘QING: Galaxy A32 4G taqdim qilindi: 5G-versiyadan arzon, lekin unisidan ham zo‘r!

Nemis insayderi Roland Kvandt (Roland Quandt) smartfonning ushbu ikki versiyasi haqida tafsilotlarni oshkor qilishda davom etmoqda. Kuni kecha u Twitter orqali ma’lum qilishicha, ularning o‘zaro farqi faqatgina protsessorlarida emas ekan.

Yangi ma’lumotga ko‘ra, Galaxy A52 4G modelida qo‘llanayotgan OLED-ekranda kadr yangilanish chastotasi 90 gersga teng bo‘ladi. Smartfonning 5G-versiyasi esa 120 gerslik displeyi bilan maqtana oladi. Har ikkala modelda ham ekranning bir xil o‘lchamga (6.52 dyuymlik) hamda maksimal yorqinlikka (800 kd/m2) ega.

O‘QING: Yana bir «avtonomlik monstri» – Galaxy M62 taqdim etildi!

Galaxy A52 smartfonining har ikkala talqini to‘rt modulli bosh kamera bilan jihozlanmoqda. Ularda asosiy sensor 64 megapiksellik aniqlikka, 81 darajali ko‘rish burchagiga, 0.8 mkm piksel o‘lchamiga va optik barqarorlashtirish tizimiga ega. Ikkinchi datchik 12 megapiksellik bo‘lib, 123 darajadagi keng burchakli ob’yektiv bilan birlashgan. Bosh kamera jamlanmasiga yana har biri 5 megapiksellik makrokamera hamda sahna chuqurligi sensori kiradi.

Samsung ushbu telefonlarini ekranosti daktiloskop, 25 vattlik usulda tezkor quvvat oluvchi 4500 mA/soatlik akkumulyator hamda NFC chipi bilan ta’minlamoqda. Har ikkalasining korpusi IP67 standartida suv sachrashidan himoyalangan. Ular qadoqdanoq Android 11 operatsion tizim ustiga qurilgan One UI 3 grafik qobig‘i bilan taqdim etiladi.

Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur juftlikning premerasi 26 martga rejalashtirilgan. Insayderlar ularning Yevropadagi narxlarini ham aniqlashgan: Galaxy A52 4G uchun 349 yevro, Galaxy A52 5G versiyasi uchun esa 429 yevro so‘rashadi.

O‘QING: Uncha-munchaga o‘z narxini yo‘qotmaydigan o‘nta smartfon

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.