Galaxy A53 va Galaxy A52: farqi nimada?

Galaxy A53 va Galaxy A52: farqi nimada?

Samsung 17-mart kuni o‘zining Galaxy A52 5G smartfoni yangi avlodi - Galaxy A53 modelini taqdim qildi. Albatta yangi model o‘zi bilan bir qancha yangiliklar va yaxshilanishlarni olib keladi. Keling ularning xususiyatlarini taqqoslab ko‘ramiz.

O‘xshash tomonlaridan boshlaydigan bo‘lsak, ikkala smartfonlar ham 6.5 dyuymli, Full HD+ Super AMOLED, 120Hz yangilanish tezlikdagi displeyga ega va ular Corning Gorilla Glass 5 bilan himoyalangan. Shuningdek, smartfonlar kameralari xususiyatlari ham o‘zaro teng: 32 MP old kamera, 64 MP asosiy orqa kamera va qo‘shimcha 12 MP, ikkita 5 MP kameralari bor. 6/8 GB operativ, 128/256 GB doimiy va 1 TB gacha qo‘shimcha microSD o‘rnatish imkoniyati bilan ikkala smartfonlar bir xil xotira hajmiga ega. Shu bilan birga, ikkov model ham 25W tezlikda quvvatlanadi va 5G'ni qo‘llab-quvvatlaydi. Ikki smartfonning og‘irligi 189 grammni tashkil qiladi va IP67 sertifikati bilan suv va changga chidamli.

Endi Galaxy A53 ustunlik tomonlari haqida gapiradigan bo‘lsak, yangi 5nm Exynos 1280 chipli Galaxy A53 oldingi 8nm Snapdragon 720G chipli Galaxy A52'dan ko‘ra yaxshiroq ishlaydi. Quvvat borasida ham A53 o‘zining 5,000 mAh batareya sig‘imi bilan avvalgi 4,500 mAh batareyali A52 modelini "sindiradi". Garchi Galaxy A52 Android 12 operatsion tizimiga yangilana oladigan bo‘lsa ham, Galaxy A53 aynan shu operatsion tizim bilan keladi va yana to‘rt avlod Android yangilanishini qabul qila oladi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, Galaxy A53 avvalgi avlodiga qaraganda bo‘yiga ham, eniga ham, qalinligiga ko‘ra ham 0.3 mm pastroq va ingichkaroq.

Yangi avlod Galaxy A53 modeli kamchiligi shundaki, unda simli quloqchinlarni ulash uchun naushnik uyasi mavjud emas va yana shuni ham aytish kerakki, smartfon qutisida quvvatlash adapteri bo‘lmaydi. Narxi esa albatta eski modeldagidan qimmatroq: O‘zbekistonda Galaxy A52 (4/128 GB) modeli Samsung rasmiy savdo nuqtalarida 3,655,000 so‘mdan 4,900,000 so‘mgacha bo‘lgan narxda sotilayotgan bir vaqtda, yangi Galaxy A53 rasmiy taqdimotda 449 yevro (bugungi kunda: 5 million 750 ming so‘m atrofida) narxda taqdim qilindi. Albatta, tez orada smartfon mamlakatimiz savdo rastalariga chiqarilganida uning narxi yana ko‘tarilishi mumkin.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Galaxy A53 yangi operatsion tizimda, tezroq ishlaydi va ko‘proq batareya quvvatini taklif qiladi. Agar bu siz qidirayotgan xususiyatlar bo‘lsa, unda bu Galaxy A52 ustidan yangilanish uchun munosib smartfondir.

O‘QING: Samsung Galaxy A73 nima bo‘ldi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!