Galaxy A60 namoyish qilindi: NFC, «gapiruvchi» va «teshik» ekran, 32 MPlik ikkita kamera va o‘rtacha narx!

  •   DiMaX
  •  12275
  •  18.04.2019 16:30

Galaxy A60 namoyish qilindi: NFC, «gapiruvchi» va «teshik» ekran, 32 MPlik ikkita kamera va o‘rtacha narx!

Samsung kompaniyasi Galaxy A turkumidagi smartfonlarini ketma-ket taqdim etayotir. Kuni kecha – 17 aprel kuni Hindistonda bo‘lib o‘tgan tadbirida Galaxy A60 smartfoni ham rasman ko‘rsatildi.

O‘QING: Galaxy A20e – hamyonbop turkumning eng ixcham, lekin «beli baquvvat» vakili!

Samsung Galaxy A60 texnik xususiyatlari avvalgi xabarlarda aytilganidan sal farqliroq, ammo quvontiradigan bo‘lib chiqdi. Masalan, TENAA ma’lumotlar bazasida uning uchtalik bosh kamerasi 16, 8 va 5 megapiksellik modullardan iborat ekanligi aytilgandi. Amalda esa uning asosiy datchigi 16 emas, balki 32 megapiksellik ekan!

Qurilmaning old kamerasi ham xuddi shunday moduldan iborat bo‘lib, ekranning yuqori chap burchagidagi «tirqish»ga joylangan. Old panelning 91,8 foizini qoplagan displeyning o‘zi diagonaliga 6,3 dyuymlik, tasvir aniqligi esa 2340x1080 piksellik.

Galaxy A60 modelining texnik ta’minoti asosini sakkiz yadroli Snapdragon 675 protsessori va 6 gigabaytlik tezkor xotira tashkil etadi. Doimiy xotira hajmi ham chakkimas – 128 GB, tag‘in unga 512 GBgacha hajmli microSD-karta joylasa bo‘ladi.

O‘QING: Navbatdagi hamyonbop – Galaxy A35 (yoki Galaxy A30e) smartfoni rekord darajali akkumulyatorga ega!

Akkumulyatorining tok sig‘imi 3500 mA/soatlik bo‘lib, 15 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlana oladi. Galaxy A60 orqa panelida barmoq izi skaneri joylashgan, smartfon kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC moduli bilan ham ta’minlangan.

Galaxy A60 taqdimotida alohida ta’kidlangan yana bir texnologiya – Screen Sound bo‘lib, u muloqotda suhbatdoshning ovozini dinamik emas, balki ekranning o‘zi taratishini anglatadi.

Samsung Galaxy A60 narxi 298 dollar ekanligi aytilgan, ammo hozircha uning qaysi bozorlarga rasman chiqarilishi aniq emas. Terashop.uz internet-do‘konimizda esa ayrim rusumlardagi Samsung telefonlarini 451 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda xarid qilish imkoni bor.

O‘QING: AnTuTu narxiga munosib smartfonlar reytingini e’lon qildi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.