Samsung Galaxy J7 (2017): qudratli brendning ilhomi

Samsung Galaxy J7 (2017): qudratli brendning ilhomi

So‘zboshi ...

"Samsung Galaxy J" oilasining "kattasi", jahonning ma’lum va mashhur smartfonlaridan biri bo‘lgan J7 gadjeti 2017 yilda ham yangi jihatlar boyitilib qayta ishlab chiqildi.

Samsung J7 (2017) – 5.5 dyuymli, FullHD sig‘imli va SuperAMOLED matritsali displey, 8 yadroli Samsung Exynos protsessori, 3 gigabaytli tezkor xotira va 2 ta SIM-karta, MicroSD xotira bo‘lmachasiga, 13 megapikselli old va orqa kameralarga ega smartfon.

Avvalgi yilgi model bilan taqqoslaganda, Nafaqat, platforma, shu bilan birga tashqi dizaynda ham o‘zgarishlar qilingan. Jumladan, 2016 yilgi talqin metall rom va plastik tomdan ishlab chiqilgan bo‘lsa, 2017 yilgi talqin to‘liq metall korpusga ega bo‘ldi. 

Samsung J7 (2017) devaysining korpusi IP54 standartiga rasman ega bo‘lgan. Ya’ni, u chang va suv ta’siriga bardoshli. Flagmanlarga xos himoya bo‘lmasa ham, harqalay bu smartfondan turli sharoitlarda foydalanish qulayligini beradi.  

Shuningdek, Samsung J7 (2017) flagmanlardan yana bir jihatni o‘zlashtirgan: Always On Display funksiyasi. Ya’ni, ekranning bir qismi muntazam faol bo‘lib, unda sana, vaqt kabi tez-tez ko‘riladigan ma’lumotlar aks etib turadi.

Dizayn va boshqaruv elementlari 

Samsung Galaxy J7 – bu uslub hamda imkoniyatlar uyg‘unligining namunasi. Smartfon uchun tanlangan silliq va ravon metall nafisligini kaft darrov his qiladi. Ayniqsa, yangicha dizaynda kamera tuynugi silliqlashgani va korpusdan bo‘rtib chiqmagani orqa panel dizaynidagi muhim yechim bo‘lgan.  2.5D effektiga ega himoya shishasi esa Galaxy J7'ga hashamdorlik bag‘ishlagan.

"Galaxy J" turkumiga xos yangi dizayn yechimiga ko‘ra, orqa paneldagi plastik antenna ulog‘i "u" shaklida, panelning yuqori qismida totilgan. 

Ekran ostida — standart jamlanma: 2 ta sensor tugma va barmoq izlari skaneri joylashgan mexanik "Home" tugmasi. Samsung bu yilgi J7'ni yorug‘lik datchigi bilan siyabdi. Old kamera esa an’anaga muvofiq, fotochaqnoqqa ega bo‘lgan. Old panelda, shuningdek suhbat dinamig ham mavjud.

Old panel chekkalarining yassi va qayrilma ekani gadjet dizaynida muhim o‘rin tutgan. Korpus quyisida 3.5 mm.li audio-tuynuk, mikrofon tuynugi, plastik uloq hamda MicroUSB porti mavjud.

Korpus o‘ng tomonida "o‘chirish-yoqish" tugmasi, Sal teparoqda yagona tashqi ovoz dinamigi.  Dinamikning bu yerga joylashgani – qoyilmaqom yechim bo‘lgan. Stolga qo‘yganda yoki kaftda turganda bu karnay bekilib qolmaydi.

Tom qismi bo‘m-bo‘sh, faqat plastik uloqlar mavjud. 

Korpus chapida — 2 ta alohida ovozni boshqarish tugmalari va 2 ta bo‘lmacha.

Qo‘sh-kartali bo‘lmachaga bitta sim-karta va xotira fleshkasini qo‘yish mumkin. Ikkinchi alohida bo‘lmachaga ega boshqa sim-kartani qo‘yish mumkin. Aqlli yechim. Odatda sim-kartalardan biri tez-tez almashib turadi. 16 yoki 32 GB doimiy xotira smartfon foydalanuvchisi uchun kamlik qiladi.

Smartfon qora, tilla rang hamda ko‘k rangli korpuslarda ishlab chiqarilmoqda.

 

Ekran imkoniyatlari 

J7 smartfoni 5,5 dyuymli yorqin ekranga ega bo‘lgan. Displey old panelning 73.1%  qismini egallab olgan. SuperAMOLED ekranning piksellar sig‘imi 1920×1080 belgiga teng, ya’ni  Full HD. Har dyuymda o‘rtacha 401 piksel. Bu -- yaxshi ko‘rsatkich.

2.5D shaklidagi qayrilma himoya shishasi dizayn uchun ham, himoya uchun ayni muddao. Ekran dog‘-dug‘ va barmoq izlariga qarshi plyonka bilan qoplangan. Ekrandagi yorug‘lik zahirasi yoz quyoshi ostida ham smartfondan bemalol foydalanish imkonini beradi. SuperAMOLED matritsaga xos ilg‘or jihat bunda ham mujassam: surat ekranning barcha qismida yorqin va ranglarga to‘yingan holatda aks etadi.

Operatsion tizim ekran va shrfift o‘lchamini, ko‘k tus darajasini  xohishga ko‘ra sozlash imkonini beradi.

J7 o‘z turkumida eng yaxshi ekranga ega bo‘lgan smartfon.

Yuqorida aytilgan Always On Display muntazam faol ekran qismida soat, sana, akkumulyator quvvatining foizi hamda ogohlantirishlar turadi. Ularga 2 marta bosish orqali o‘tish mumkin.

Platofrma "tormoz"lanishi haqiqatmi? 

Samsung Galaxy J7 (2017) ichki platformasi 2016 yilgi J7 bilan solishtirib ko‘rganda, deyarli o‘zgarmagan. Yangi talqin ham 8 yadroli  Exynos 7870 protsessorga ega bo‘lgan. Uning chastota tezligi 1.6 GGs va bu chipning ma’lumotlarni qayta ishlash jarayoni 14 nanometr. Tezkor xotiraning 2 dan 3 gigabaytga yetgani yaxshi yangilik bo‘ldi.

Doimiy xotira sig‘imi 16 yoki 32 gigabayt bo‘ladi. Qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi 256 gigabaytgacha bo‘lgan fleshkalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Protsessor ming qilganda ham, hamyonbop doiraga kiradi. Shunday bo‘lsa ham, platforma faoliyati barqaror va uzilishlar kam kuzatiladi.

Bu protsessor ishlashiga ko‘ra J5 bilan bir xil. Bu ham og‘ir ish buyurib qolsangiz, bir oz qizib keta boshlaydi.

Smartfon simsiz aloqaning Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac (2,4 GGs va 5 GGs), Bluetooth 4.1 LE standartlarini, NFC plyus esa sport gadjetlariga mo‘ljallangan ANT+ standartini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, navigatsiya imkoniyatlari GPS, Glonass, Beidou kabi sun’iy yo‘ldosh tizimlariga mo‘ljallangan.

Aloqa va kommunikatsiya bo‘yicha smartfonda biror muammo yo‘q.

Akkumulyator 

Samsung Galaxy J7 (2017) quvvatini elektr sig‘imi 3600 mA soat bo‘lgan akkumulyatordan oladi. AMOLED-ekran uchun hamda tejamkor protsessor esa devaysga to‘liq quvvat bilan uzoq "yashash" imkonini beradi.

Smartfonga maksimal darajada ish buyurib. o‘yinlar o‘ynab, internetdan samarali foydalanganda, smartfon bir sutka indamay "turib" beradi.

Muntazam Wi-Fi, 3G tarmog‘ida, akkauntlarni ko‘zdan kechirish va pochta, messenjerlarda suhbat qurganda, 20 daqiqa qo‘ng‘iroqlashganda,bir soatlik veb-serfing va bir soatlik onlayn-video tomosha qilganda, smartfon to‘liq quvvati 2 kunga yetadi.

O‘rtacha foydalanganda to‘liq quvvatli Samsung Galaxy J7 (2017) 3 kun sizni bezovta qilmaydi.

Quvvat masalasida birgina kamchilik — gadjetda tezkor quvvatlash texnologiyasining joriy qilinmagani. Biroq, biz J-turkumiga taalluqli smartfon bilan tanishib chiqayotganimizni unutmasligimiz ham kerak.

 

Kamera — J5 bilan bir xil

Old va orqa kameralar uchun 13 megapikselli modullar tanlangan. Kameraning ishlashi tezkor va  avtofokus aniq. Avtofokus faqatgina bosh kamerada bor. 

Bosh kamera optik linzasining hajmi – f/1.7, ya’ni ayni paytdagi eng peshqadam diafragma.

Bosh kamera yorug‘lik yaxshi sharoitda yaxshi suratga oladi. Kechki paytda esa aniq-tiniq surat olish mushkul. Bosh kamera aksariyat hamyonbop xitoylik kamerafonlardan taassurotliroq surat oladi.

Smartfonning old kamerasi ham svetodiodli fotochaqnoqqa ega bo‘lgan.

Har ikkala kamera FullHD video tasvirga oladi.

Quyidagi suratlarga qarab, o‘zingiz baho bering.



Terabayt nuqtai nazari 

AnTuTu benchmarki natijalariga ko‘ra, smartfon imkoniyatiga baho berish hamda xarid qilish yoki qilmaslik haqida qaror qabul qilish ham mumkin. Bu resursda bor-yo‘g‘i 43 ming ball olgan olgan Galaxy J7 uchun 370 AQSh dollari to‘lashga tayyor odamlar ham bor.

Gadjet SuperAMOLED ekrani, yaxshi kamerasi, ishonchli quvvati va metall korpus, o‘ziga xos dizayni bilan ko‘pchilikka maqbul keladi. Samsung'ning tejamkor ixlosmandlari uchun bundan yaxshi tanlov yo‘q.

To‘g‘ri, bu pulga Galaxy J7 (2017)'dan 2 barobar yaxshiroq jihatlarga ega «xitoylik»ni xarid qilish mumkin. Misol uchun, 5,5 dyuymli gadjetlar orasida Galaxy J7 (2017) bilan bellasha oladigan Nokia 6'ni 100 dollar arzonga xarid qilish mumkin. Honor 6X yoki Meizu MX6 ham kuchli kameralari bilan qahramonimizning raqiblari.

Xulosa 

Biz saytimiz orqali jahoning yetakchi smartfonsozi yaqinda bozorga chiqargan Galaxy J seriyasi (2017) tarkibiga kiruvchi J3, J5 va J7 smartfonlari haqida batafsil ma’lumot berdik.

O‘qing: 

Galaxy J5 (2017): yaxshi sotilayotgan Samsung‘ning siri nimada?

Samsung J3 (2017) sotuvga chiqdi: pulni tejaymizmi?

Galaxy J5 va J7 yaxshi suratga oladi. Galaxy J3 kamerasi esa bu borada maqtana olmaydi.

Galaxy J seriyasi (2017) — Samsung'ning eng arzon metall gadjetlari. Shu bilan birga, faoliyat samaradorligini tahlil qiladigan bo‘lsak, smartfon narxi uning imkoniyatiga nisbatan qimmatligini ko‘rish mumkin. Aniqrog‘i, bozor raqobatiga dosh berish istagida bo‘lgan boshqa smartfon ishlab chiqaruvchilarining "insofi" bois, biz arzon narxga ham yaxshi smartfon xarid qilish mumkinligiga ishondik.

Biroq, yuqoridagi omillar Galaxy J seriyasiga mansub gadjetlarga jahon miqyosida eng yaxshi sotilishiga to‘siq bo‘la olmaydi. Bu – Samsung brendining kuchi.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

asaxiy.uz 2.8 млн сўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi