Galaxy M02 namoyish qilindi: to‘laqonli Android 10 va 5000 mAc batareyali smartfon – atigi 93 dollar!

  •   DiMaX
  •  1047
  •  02.02.2021 14:54

Galaxy M02 namoyish qilindi: to‘laqonli Android 10 va 5000 mAc batareyali smartfon – atigi 93 dollar!

Samsung Electronics kompaniyasi kuni kechagina birdaniga beshta yangi – arzon va hamyonbop smartfonlar haqida ayrim ma’lumotlarni o‘z saytlariga chiqargan edi. Shulardan biri – Galaxy M02 modelini Hindistonda taqdim qildi.

O‘QING: Eng kutilayotgan Samsung smartfonini ilk rasmiy suratda har tomonidan ko‘ramiz!

Yilning boshida chiqqan yana bir – Galaxy M02s rusumli smartfoniga qaraganda Samsung Galaxy M02 modeli yanada arzon. Shunga yarasha, uning texnik xususiyatlari ham pastroq, lekin «qirtishlangan» Android Go emas, balki to‘laqonli Android 10 operatsion tizimida ishlaydi. Uning ustiga kompaniyaning Samsung One UI 2 grafik qobig‘i o‘rnatilgan.

Galaxy M02 diagonaliga 6,5 dyuymlik Infinity-V displeyga ega va u HD+ formatida (1560x720 piksellik aniqlikda) tasvir uzatadi. Ekranning tomchisimon kemtigiga 5 megapiksellik selfi datchigi joylashtirilgan. Qurilmaning bosh kamerasi esa qo‘shaloq – 13 megapiksellik asosiy modul hamda 2 megapiksellik makrokamerani o‘z ichiga oladi.

O‘QING: Nihoyat, jahon smartfon bozorida Samsung’ni quvib o‘tishdi!

Samsung bu gadjetini to‘rt yadroli MediaTek MT6739W protsessori bazasida tayyorlagan. Uni tezkor xotirasi 2 va 3 gigabaytlik variantlarda taklif etishadi, har ikkala holatda ham doimiy xotirasi 32 gigabaytlik. Shuningdek, unga bir terabaytgacha hajmdagi microSD xotira kartasini qo‘yish mumkin. Smartfonning asosiy afzalliklaridan biri esa 5000 mA/soatlik akkumulyatoridir.

Galaxy M02 ikkita SIM-kartada 4G VoLTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi, yana Wi-Fi (802.11 b/g/n), Bluetooth 5, GPS hamda GLONASS simsiz interfeyslariga ega. Uning korpusida micro-USB porti hamda 3,5 millimetrlik audiotirqish bor, smartfonga FM-radio ham o‘rnatilgan.

Samsung bu mahsulotining Hindistondagi savdosini 7 fevralda boshlaydi. O‘shanda uni 93 dollarga teng narxda olish mumkin bo‘ladi, keyin esa narxi ozgina ko‘tarilib, 95 dollarga teng bo‘ladi. Yaqinda kompaniyaning Tailanddagi saytida paydo bo‘lganiga qaraganda, Galaxy M02 boshqa mamlakatlar bozorlariga ham chiqishi kerak, lekin vaqti hozircha aniq emas.

O‘QING: Galaxy A02 chiqdi – atigi 100 dollarga qo‘sh kamerali «avtonomlik monstri»!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!