Galaxy M12 taqdim etildi: akkumulyatori ikkita iPhone 12 Pro’nikiga teng!

  •   DiMaX
  •  4787
  •  06.02.2021 10:08

Galaxy M12 taqdim etildi: akkumulyatori ikkita iPhone 12 Pro’nikiga teng!

Samsung navbatdagi «avtonomlik monstri» – hamyonbop Galaxy M12 smartfonini allaqachon ishlab chiqara boshlagani haqida yozgan edik. Bungacha esa kvadrokamerali ushbu qurilma Geekbench sinovida ham ko‘rinish bergan.

O‘QING: Samsung Galaxy A42 5G'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Kompaniya ushbu modelini namoyish qildi; aniqrog‘i – buning uchun maxsus tadbir uyushtirmasdan, qurilmaning barcha xususiyatlarini Vetnamdagi saytiga chiqardi.

Samsung Galaxy M12 smartfonining asosiy afzalligi – 15 vattlik tezkor quvvatlana oluvchi akkumulyatoridir. Uning tok sig‘imi 6000 mA/soatni tashkil etadi; to‘la tasavvur qilish uchun solishtirsak, bu ikkita iPhone 12 Pro batareyasining tok sig‘imini qo‘shgandagidan ham ortiq ko‘rsatkich. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, qurilmaning avtonomligi telefonda so‘zlashuv (4G LTE) rejimida naq 58 soatga boradi. Ushbu smartfon akkumulyatori 4G LTE yoki Wi-Fi orqali uzluksiz 24 soat internet kezishga yetadi. Unda to‘xtatmasdan 23 soat video ko‘rish yoki 110 soat musiqa tinglash mumkin!

Gadjetning bosh kamerasi to‘rttalik:48 MPlik asosiy modul, 5 MPlik o‘ta keng burchakli (123 darajali) sensor, shuningdek portretlar va makros’yomka uchun har biri 2 MPlik ikkita datchik. Bu smartfon kamerasi soniyasiga 30 kadrlik chastotada Full HD formatli video yozib olishga yaraydi.

O‘QING: Galaxy M02 namoyish qilindi: to‘laqonli Android 10 va 5000 mAc batareyali smartfon – atigi 93 dollar!

Galaxy M12 diagonaliga 6,5 dyuymlik displey bilan ta’minlangan; uning tasvir uzatishi HD+ formatida (1600x720 piksellik). Ekranning tomchisimon kemtigida selfi uchun 8 megapiksellik old kamera sensori joylashgan.

Samsung bu qurilmasida barmoq izi skanerini korpusning o‘ng qirrasiga joylashtirgan. Uning o‘lchamlari 164x75,9x9,7 millimetrga, vazni esa 221 grammga teng. Korpusida zamonaviy USB Type-C porti hamda an’anaviy 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi mavjud. Unda bir vaqtning o‘zida ikkita SIM-karta bilan birga bir terabaytgacha hajmli microSD-karta ham o‘rnatish mumkin bo‘lgan slot mavjud.

O‘QING: Samsung saytiga birdaniga beshta yangi – arzon va hamyonbop smartfonlar chiqdi!

Galaxy M12 maksimal takt chastotasi 2 GGs. bo‘lgan sakkiz yadroli Exynos 850 protsessori bazasida tayyorlangan. Uni tezkor xotirasi 3, 4 yoki 6 gigabaytlik, doimiy xotirasi esa 32, 64 hamda 128 gigabaytlik variantlarda ishlab chiqarishadi.

Smartfon qadoqdanoq Android 11 operatsion tizim ustiga qurilgan One UI 3 grafik qobig‘i bilan taqdim etilmoqda. Unda simsiz interfeyslardan 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 b/g/n), Bluetooth 5, GPS hamda GLONASS mavjud.

Galaxy M12 modelini uch xil rangdagi, orqa paneli salgina relefli (g‘adir-budur) korpusda taklif etishadi. Uning hozircha ma’lum bo‘lmagan jihatlari esa narxi hamda bozorga qachon chiqishidir.

O‘QING: Samsung atigi 340 dollarga Android 11, flagman protsessor va 7000 mAs batareyali kamerofon chiqaryapti

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!