Galaxy Note 10 qiyofali Galaxy A51 namoyish qilindi: narxi va xususiyatlari

  •   DiMaX
  •  43773
  •  12.12.2019 17:45

Galaxy Note 10 qiyofali Galaxy A51 namoyish qilindi: narxi va xususiyatlari

Samsung kompaniyasi o‘rta narxli smartfonlar turkumining yangi vakili – Galaxy A51 devaysini rasman taqdim etdi. Bu – dunyo bo‘ylab juda ommalashgan Galaxy A50 modelining (sotib olish) davomchisidir.

O‘QING: Galaxy A51, A71, A81 va A91 smartfonlarining narxlari ma’lum bo‘ldi!

Galaxy A51 smartfoni diagonaliga 6,5 dyuymlik, tasvir aniqligi Full HD+ bo‘lgan AMOLED-displeyga ega. Uning yuqori qismi o‘rtasida, xuddi Galaxy Note 10 flagmanidagi singari, 32 megapiksellik selfi-kamera uchun tirqish ochilgan. Barmoq izi skaneri ham ekranning o‘ziga integratsiya qilingan.

Smartfonning bosh kamerasi to‘rtta modulni o‘z ichiga oladi: 48 megapiksellik asosiy sensor f/2.0 aperturali ob’yektivga ega. Ikkinchi datchik 12 megapiksellik bo‘lib, 123 darajada keng; uchinchisi makros’yomkaga mo‘ljallangan 5 megapiksellik bo‘lsa, oxirgisi 5 megapiksellik chuqurlik sensoridir.

O‘QING: Samsung kompaniyasi 108 MPlik kamera borasida Xiaomi’ni boplagan ekan!

Galaxy A51 samaradorligi uchun Exynos 9611 chipseti mas’ul – u 4, 6 yoki 8 gigabaytlik tezkor xotira bilan hamkorlikda ishlaydi. Smartfon doimiy xotirasi 64 va 128 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi; yana 512 gigabaytgacha qo‘shimcha xotira kartasi qo‘yish mumkin. Akkumulyatori ham zo‘r – 4000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega bo‘lib, USB-C porti orqali 15 vattlik texnologiya asosida quvvatlana oladi. Korpusda yana standart quloqchin tirqishi ham mavjud.

Smartfon qadoqdanoq Android 10 operatsion tizim talqini bilan ta’minlangan. NFC-chip haqida ma’lumot yo‘q, lekin unisi ham bo‘lsa kerak. Korpusining o‘lchamlari 158,5x73,67,9 millimetrni, vazni esa 172 grammni tashkil etadi. Xohishga ko‘ra uning oq, qora, ko‘k va pushti ranglisini tanlash mumkin.

Samsung yangi smartfonini 27 dekabrdan Vetnamda, boshlang‘ich konfiguratsiyada taxminan 350 AQSh dollariga teng narxda sota boshlaydi. Boshqa variantlarining narxlari, shuningdek, qolgan mamlakatlar bozorlariga qachon chiqishi hozircha noma’lum.

O‘QING: Samsung uchta arzonlashtirilgan smartfonini ertaroq chiqaryapti

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!