Galaxy Note 8'gacha bir kun qolganda narx va jihatlar ma’lum bo‘ldi

Galaxy Note 8'gacha bir kun qolganda narx va jihatlar ma’lum bo‘ldi

Samsung kompaniyasi navbatdagi flagman smartfoni -- Galaxy Note 8'ning taqdimotiga oz fursat qolgani sayin uning reklamasini kuchaytirmoqda. Taqdimot ertaga -- 23 avgust kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadi. Kompaniyaning rasmiy  Samsung Mobile Korea kanali 2 ta yangi reklama videorolikini namoyish qildi.

Birinchi rolikda Samsung Galaxy Note 8'ning qo‘sh sensorli bosh kamera imkoniyatlari aks ettirilgan. Jumladan, bosh kamera ob’yektning orqa va yon tomonlariga badiiy fon effektini bera oladi, shuningdek yaqinlashtirish asosida suratga oladi. Samsung Galaxy Note 8'ning qo‘sh sensorli bosh kamerasidagi asosiy sensor rangli fotomodul bo‘lib, uning sig‘imi 12 Mp hamda bu sensor Dual Pixel avtofokuslash tizimi bilan ta’minlanadi. Qo‘shimcha modul esa 13 megapikselli va teleob’yektiv vazifasini bajaradi, ya’ni manzara sifatini saqlab qolgan holda ob’yektni 2 karra optik usulda yaqinlashtiradi. Har ikkala modulga ham optik barqarorlashtirish tizimining o‘rnatilgani diqqatga sazovor.

Ikkinchi reklama roligida esa Samsung Galaxy Note 8'ning bo‘lajak foydalanuvchilariga yaratilajak qulayliklar, jumladan S-Pen elektron perosi imkoniyatlari haqida so‘z boradi.  S-Pen yordamida yozib qoldirilgan qaydnomalarni GIF formatidagi animatsion suratlar shaklida saqlash, ekran o‘chiq paytda ham ularni displeyning muntazam faol qismida ko‘rish mumkin bo‘ladi.  

Quyidagi suratda iPhone 8 va Galaxy Note 8 tasvirlangan.

Galaxy Note 8 diagonali 6,3 dyuymli Super AMOLED matritsali, Infinity Display dizaynidagi, 2960 × 1440 pikselli ekran, Qualcomm Snapdragon 835 (yoki Samsung Exynos 9 Series 8895) protsessoriga, 8 Mp selfi-kamera, 3300 mA·soat akkumulyator, Bluetooth 5.0 LE va bosh innovatsion jihatlarga ega bo‘ladi.

Samsung Galaxy Note 8 fabletiga buyurtmalar 24 avgustdan boshlab olinadi. Savdo esa 15 sentyabrdan boshlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi model kompaniya tarixidagi eng qimmat mobil aloqa vositasi bo‘ladi. Xitoyda uning 6 GB tezkor va 64 GB ichki flesh-xotiraga ega talqini $941 dollardan sotuvga chiqariladi. Shuningdek, 6 gigabaytli tezkor va 256 Gb doimiy xotira talqini $1200 dollardan sotuvga chiqadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!