Galaxy Note 8 Samsung’ning yangi avlod kamera innovatsiyasiga ega bo‘ladi

Galaxy Note 8 Samsung’ning yangi avlod kamera innovatsiyasiga ega bo‘ladi

So‘nggi yillarda smartfon kamerasi havaskor kameralarni iste’moldan chiqarib yubordi. Kamerafonlar hattoki bir necha ming dollar turadigan professional kameralar bilan ham bellashmoqdalar. Ilg‘or kamerali smartfonlari bilan tanilgan Samsung kompaniyasi keyingi flagmanlarini qo‘sh modulli kameralar bilan ta’minlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jumladan, Galaxy Note 8’ning shu jihatga ega bo‘lishiga shubha qolmadi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy Note 8’ning bosh kamerasi uchun qo‘sh — yuqori sig‘imli surat oluvchi 12 megapikselli hamda kuchli fokus tizimiga ega teleob’yektiv vazifasini bajaruvchi 13 megapikselli sensorlar tanlangan. Kameraning kuchli jihati — 3 karralik optik yaqinlashtirish texnologiyasidir.

2017 yilda xuddi shunday suratga olish texnologiyasiga ega bir qancha smartfonlar bozorga chiqarildi va ularga talab hozir ham yuqori. Marketologlarning fikricha, hozir smartfon bozoridagi bosh kamerasi qo‘sh bo‘lgan telefonlar ulushi 5% bo‘lsa, 2020 yilga kelib bu ko‘rsatkich 34% ga ko‘tariladi. Ya’ni, har uchta smartfondan biri qo‘sh-ob’yektivli bo‘ladi.