Galaxy Note 8'ning reklama suratini Samsung "tasodifan" chop qildi

Galaxy Note 8'ning reklama suratini Samsung

Avgust-sentyabr oylari texnologik axborotlar o‘rtasidagi "jang"larga boy bo‘ladi. Boisi, sentyabrda Apple an’anaga muvofiq yangi ayfonni taqdim qilsa, Samsung bozorga ashaddiy raqibiga zarba berish uchun avgust oyida yangi flagmanni tayyorlaydi.

Esingizda bo‘lsa, 2016 yilda ham Galaxy Note 7 shosha-pisha tayyorlanib, iPhone 7'dan oldin tayyorlanib, bozorga chiqarilgan va bu marketing siyosati flagmanning muvaffaqiyatsizligi bilan yakun topgan edi.

Tarix takrorlanmoqda: shu kunlarda Samsung Galaxy Note 8 fableti iPhone 8 flagmaniga qarshi tayyorlanayotgani quloqqa chalinmoqda.

Bugun – 14 iyulda Samsung kompaniyasining chiplar ishlab chiqaruvchi Samsung Exynos bo‘linmasi o‘zining Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Samsung Galaxy Note 8 fabletining quyidagi ilk rasmiy reklama suratini e’lon qildi.

Insayderlar Galaxy Note 8 sotiladigan davlatidan kelib chiqib, Snapdragon 835 yoki Samsung Exynos 8895 protsessorlarida ishlab chiqarilishini aytishgan edi.

Reklama suratida esa "Cheksiz imkoniyatlar yaratadigan protsessor" shiori ostida yangi -- "9" raqamli Exynos protsessoriga nisbat berilgan.

Suratdagi flagmanning Galaxy Note 8 ekani qayd etilmagan bo‘lsa ham, u ko‘rinishidan Samsung'ning biror flagmaniga o‘xshamaydi va dizayni Note 8'ga oid yangiliklarga monand. Jumladan, displeyning qayrilma ekani e’tiborni tortadi. Qolaversa, bu gadjet Galaxy Note 8'ning jildi sifatida tarmoqda tarqalgan g‘iloflarga mos.

Shu taxlit, kompaniya muxlislariga smartfon taqdimotigacha yangi ilg‘or smartfoniga baho berish imkonini bergan.

Ko‘rinib turibdiki, reklama suratidagi mobil aloqa vositasining dizayni Infinity, ya’ni cheksiz displey yechimiga ega bo‘lgan. Displey quyisida o‘rnashgan, uning atrofini o‘rab olgan romlar avvalgi flagmanlar bilan solishtirib ko‘rganda, yanada yupqaligi bilan diqqatga sazovor. Korpus ham nisbatan yupqa dizaynda ishlangan. 

«Tasodifan» e’lon qilingan suratga ko‘ra, Samsung uni yaqin orada taqdim qiladi. Shu orqali brend jamoatchilikning diqqatini shu kunlarda "tillarda doston" bo‘layotgan  iPhone 8'dan chalg‘itishga urinmoqda.

So‘nggi yangiliklarga ko‘ra, 6,3 dyuymli Samsung Galaxy Note 8 devaysi 23 avgust kuni taqdim qilinishi mumkin. Telefon Quad HD+ (2960 x 1440 pikselli) displeyga ega bo‘ladi.

Marketologlar fabletning sentyabrda sotuvga chiqishiga shubha qilishmayapti. Bu esa koreyalik xohlayotganidek, iPhone 8 savdosiga jiddiy zarar yetkazadi. Shuningdek, fablet narx borasida ham raqibidan qolishmaydi va bozorga 1100 dollardan chiqarilishi mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!