Galaxy Note 8’ning taqdimot vaqtini Samsung rasman ma’lum qildi

  •   DiMaX
  •  1735
  •  13.07.2017 10:10

Galaxy Note 8’ning taqdimot vaqtini Samsung rasman ma’lum qildi

Uzoq kutilgan Samsung Galaxy Note 8 smartfoni, nihoyat, keyingi oyda taqdim etiladigan bo‘ldi. Bu haqda Janubiy Koreyaning The Investor mediaresursi xabar bergan.

Unda aytilishicha, Samsung qurilmasining taqdimoti 2017 yilning avgust oyida bo‘lib o‘tadi. Xabarda yozilishicha, smartfon keng ommaga Nyu-York shahrida taqdim etiladi. Bu haqda nashr tahririyatiga Samsung kompaniyasi rahbariyatining rasmiy vakili ma’lum qilgan.

Koreyadagi yana bir manba – The Bell esa, Galaxy Note 8 taqdimotining kuni ham aniq – u 23 avgustda bo‘lib o‘tadi, deb yozgan. Lekin bunchalik aniq sanani tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot hozircha yo‘q.

Avvalroq, bu smartfon sentyabrning ikkinchi yarmida namoyish etilishi mumkinligi haqida ham xabarlar chiqqandi. Yana, Galaxy Note 8 avgustda taqdim etiladi, savdoga esa bir oy o‘tgach chiqariladi, degan gaplar ham bo‘lgan. Endi ma’lum bo‘lishicha, yangi devays bilan kuzga qolmasdan tanishar ekanmiz.

Samsung Galaxy Note 8’ning bunaqa erta chiqarilishini tahlilchilar ikki omil bilan bog‘lashayotir. Birinchidan, avval ham shunday holat kuzatilgan: Note 7 taqdimoti 7 avgustda o‘tkazilib, u 19 avgustda sotuvga chiqarilgandi. Ikkinchidan, kuz arafasida yangi smartfonlar bozorida raqobat kuchayishi turgan gap. Chunki «yubiley» modeli – iPhone 8 bilan Apple smartfonlar turkumini yirik yangilanish kutayotir. Ayni shu paytda Google ham Pixel 2 modeli bilan «raqobat oloviga moy purkashi» vaziyatni yanada qizitadi.

Eslatib o‘tamiz, Galaxy Note 8’ning suratlari avvalroq tarqab ketgan, DBS Designing studiyasi bo‘lajak ilg‘or gadjetning renderlarini tayyorlab, jamoatchilik e’tiboriga havola qilgan edi. Qurilmaning yangi avlod kamera innovatsiyasiga ega bo‘lishi haqida ham xabar berganmiz, uning sinovdan o‘tkazilayotganini ma’lum qilganmiz va uning videosini ham taqdim etganmiz.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!