Galaxy S: S’dan S7’gacha

Galaxy S: S’dan S7’gacha

Galaxy S – bu jahonning eng mashhur va ommabop smartfonlari oilasi. Samsung 2015 yilning aprel oyida “Galaxy S” smartfonlari (Samsung Galaxy S5’gacha)ning xalqaro bozorda 200 million donadan oshiq sotilganini e’lon qilgan edi. Ularning takomillashish jarayoniga quyidagi maqolada siz ham guvoh bo‘ling.

Samsung Galaxy S

2010 yilning iyunida foydalanuvchilar diqqatiga havola qilingan. Yilning eng ommabop smartfoni, deb topilgan qurilma Android 2.1 operatsion tizimi, 4 dyuymli 800 x 480 piksel sig‘imli Super AMOLED displey, 1 GGs chastotada ishlaydigan 1 yadroli ARM Cortex-A8 protsessori, 0.5 GB tezkor va 8 GB qo‘shimcha xotiraga, 5 MP bosh va 0.3 MP old kameraga, 720p HD-video yozish layoqatiga ega bo‘lgan. Quvvat toshi 1500 mAs tok sig‘imli bo‘lib, mobil qurilma 118 gramm tosh bosgan. Uning o‘lchamlari: 122,4 × 64,2 × 9,9 mm.

Bu gadjet iyun, iyul va avgust oylarining o‘zida dunyo miqyosida 800 ming dona sotilgan va Android qurilmalari orasida sotilishi bo‘yicha rekord natija qayd etgan.

Samsung Galaxy S2

U 2011 yilning 13 fevralida Jahon mobil kongressida taqdim qilingan. Navbatdagi gadjet 1.2 GGs chastotada ishlovchi 2 yadroli ARM Cortex-A9 protsessoriga, 0.75 GB tezkor va 32 GB tashqi xotiraga, 800 x 480 piksel sig‘imli 4.27 dyuymli (10,85 sm) Gorilla Glass shishali himoya qatlamiga ega SuperAMOLED+ displeyiga, 1080p FullHD formatida videoni tasvirga oluvchi 8 MP bosh hamda 2 MP old avtofokus va svetodiodli fotochaqnoq mavjud kameraga ega bo‘ldi.  U Android 4.1.2 Jelly Bean operatsion tizimida ishlaydi.

Qurilmada ilk marotaba ovozli boshqaruv tizimi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan. Gadjet o‘lchamlari:  125.3 x 66.1 x 8.5 mm. Qurilma 116 gramm tosh bosadi.

 

Samsung Galaxy S3

Smartfon 2012 yilning 3 mayida Londonda taqdim qilingan. U HD Super AMOLED ekranga ega ilk gadjet bo‘lib, 4.8 dyuym (120 mm) diagonali o‘sha davrda katta yangilik bo‘lgan 1280×720 piksel sig‘imi va Gorilla Glass 2 himoya shisha qatlamiga ega. Qurilma 4 yadroli Android 4.0 Ice Cream Sandwich operatsion tizimida ishlaydi va 1 GB tezkor va 64 GB flesh xotira bilan kuchaytirilgan.

Bosh kamera  8 megapikselli, old kamera 1.9 megapikselli fotosurat oladi. Asosiy kamerada soniyasiga 30 ta kadrni muhrlash chastotasidagi Full HD video tasir olish mumkin.

Uning Li-Pol (litiy-polimer) quvvat toshi 2100 mAs tok sig‘imiga ega bo‘lib, to‘la quvvatlab 2G aloqa tarmog‘ida 1300 daqiqagacha, 3G’da 650 daqiqagacha suhbatlashish mumkin.

Uning o‘lchamlari: 136,6 × 70,6 × 8,6 mm. Gadet 133 gramm tosh bosadi.

Samsung Galaxy S4

5 dyuymli, 1920×1080 piksel sig‘imli Full HD Super AMOLED displeyli bu qurilma Samsung Electronics tomonidan  2013 yilning 15 mart kuni Nyu-Yorkda namoyish etilgan. U 1.9 GGs chastotada ishlaydigan 4 yadroli Exynos 5 Octa protsessoriga, 2 GB tezkor va 64 GB.gacha qo‘shimcha xotira, fotochaqnoqli 13 MP bosh va 2 MP old kameraga ega. Bosh kamera Full HD 1080p formatida tasvir yozish layoqatiga ega.

Uning kamerasida «Samsung Orb», ya’ni 360 gradus o‘lchamda panorama usulidagi suratga olish funksiyasi tatbiq qilindi.

Gadjet Li-Pol turidagi, 2600 mAs tok sig‘imiga ega akkumulyator bilan ta’minlangan.

Smartfon o‘lchamlari: 136,6 × 69,8 × 7,9 mm. Qurilma 130 gramm tosh bosadi.

 

Samsung Galaxy S5

2014 yilning aprel oyida taqdim etilgan navbatdagi flagman ham Full HD ekraniga ega bo‘ldi. 5.1 dyuymli ekran o‘zining “ajdodi”nikidan bir oz kattaroq. Undagi piksellar sig‘imi 1920 × 1080 bo‘lib, mobil vositada 16 MP bosh va 2.1 MP old kamera mavjud. Bosh kamera Ultra HD formatida tasvir yozadi. Undagi ilk tizimlarni ayni kundagi Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimiga yangilab olsa ham bo‘ladi.

Gadjet 2.5 GGs chastota, 4 yadroli Qualcomm Snapdragon 801 protsessoriga ega bo‘ldi. Qurilmaning tezkor xotirasi 2 GB, qo‘shimcha xotira 16/32 GB.

Smartfon 2800 mAs sig‘imiga ega akkumulyator bilan ta’minlangan.

Ushbu modelda bir qator – tomir urishini o‘lchaydigan, barmoq izlari skaneri kabi elektron sensorli datchiklar tatbiq qilingan.

Flagman o‘lchamlari: 142 × 72,5 × 8,2 mm. U 145 gramm tosh bosadi.

Samsung Galaxy S6

Hozircha “S” seriyasining so‘nggi smartfoni Samsung Electronics tomonidan 2015 yilning 1 martida Barselonada o‘tgan Jahon mobil kongressida taqdim etilgan va aprel oyidan boshlab sotuvga chiqarilgan.

Qurilmaning 2.1 GGs chastotali Exynos 7420 hamda 1.5 GGs chastotali Cortex-A57 4 yadroli talqinlari mavjud.

5.1 dyuymli displeyning piksellar sig‘imi 2560 x 1440 bo‘lib, u Quad HD Super AMOLED turiga mansub. Gadjet Android 5.1.1 “Lollipop” operatsion tizimida ishlaydi.

Smartfon 3 GB tezkor xotiraga ega bo‘lib, tashqi xotira ajralmas, ya’ni mavjud 32/64/128 GB xotiradangina foydalanish mumkin. Shu jihati bilan qurilma qattiq tanqidga uchragan edi.

Unda bosh kamera 16 MP va old kamera 5 MP. Asosiy kamera Ultra HD formatida tasvir yoza oladi.  Galaxy S6 2550/2600 mAs tok sig‘imiga ega quvvat toshi bilan ta’minlangan.

Qurilma o‘lchamlari: 143.4 x 70.5 x 6.8 mm. U 138 gramm tosh bosadi.

Samsung Galaxy S7

Hammasiga bugun – Barselonadagi taqdimotda oydinlik kiritiladi. Namoyish va taqdimot yangiliklarini bizda kuzatib boring.

 

 

 

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!