Galaxy S10+ tannarxi aniqlandi: Samsung uni ikki baravardan oshiqqa sotyapti!

  •   DiMaX
  •  3892
  •  04.03.2019 17:39

Galaxy S10+ tannarxi aniqlandi: Samsung uni ikki baravardan oshiqqa sotyapti!

TechInsights mutaxassislari yaqinda taqdim etilgan Galaxy S10+ smartfonini qismlarga ajratib ko‘rishdi. Shu tariqa, Samsung’ning eng yangi flagmani tannarxini chiqarishdi.

O‘QING: «JONLI» VIDEO: Galaxy S10’ni ayovsiz tirnab-bukib sinab ko‘rishdi

Galaxy S10+ tarkibidagi eng qimmat qismlar AMOLED-displey (86,5 dollar), Exynos 9820 protsessori (70,5 dollar) hamda old ka orqa kameralarning beshta moduli (jami 56,5 dollar) ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, ekspertlar yangi flagmanning qaysi qismlari o‘tgan yilgi Galaxy S9+ modelidagiga nisbatan qancha qimmatlashganini ham hisoblashdi. Bular – ekran va protsessor bo‘lib, narxlari tegishlicha 14 va 2,5 dollarga oshgan. Tezkor va doimiy xotira qiymati aynan o‘tgan yilgi flagmandagi kabi qolgan 50,5 dollar. Ammo ularning hajmi tegishlicha 8 va 128 gigabaytgacha oshgan (Galaxy S9+ modelida esa – 6 va 64 GB).

Xullasi kalom, TechInsights mutaxassislari hisob-kitoblariga qaraganda, Galaxy S10+ smartfonining tannarxi 420 dollarga teng bo‘lib chiqdi. Eslatib o‘tamiz, bu raqamga barcha butlovchi qismlar, ularni sinash va terish xarajatlari ham kiritilgan. Ammo modelning yaratilishiga sarflangan tadqiqotlar, dasturlashga ketgan xarajatlar, marketing va logistika sarflari hisobga olinmagan.

Aytish kerakki, Galaxy S10+ modelining rasmiy narxlari 999 dollardan boshlanadi, bu esa yuqoridagi tannarxga ko‘ra ikki baravardan ziyod!

Eslatib o‘tamiz, Terabayt.uz saytida Galaxy Fold, iPhone XS Max, Galaxy S9+, iPhone X, iPhone 8, iPhone SE va Galaxy S7 kabi smartfonlarning tannarxlarini ham e’lon qilingan.

O‘QING: Galaxy S10 flagmani allaqachon Terashop.uz’da! Shu va boshqa Samsung smartfonlari narxlari (2019 yil 28 fevral)