Galaxy S20 FE namoyish qilindi: narx va xususiyatlari

  •   DiMaX
  •  1469
  •  24.09.2020 12:11

Galaxy S20 FE namoyish qilindi: narx va xususiyatlari

Samsung kompaniyasi, o‘zi va’da qilganidek, 23 sentyabr kuni Galaxy S20 FE (Fan Edition) smartfonining taqdimotini o‘tkazdi. Bu – ko‘pchilik oldin Galaxy S20 Lite modeli tarzida chiqishini kutgan, muxlislarga bag‘ishlangan qurilmadir.

O‘QING: 23 sentyabrda chiqadigan Galaxy S20 FE smartfonini ilk «jonli» videoda ishlatib ko‘ramiz! (+narxlari)

Mohiyatiga ko‘ra, bu – Samsung Galaxy S20 turkumining «yengillashtirilgan» versiyasi bo‘lib, ulardagi ko‘pgina funksiyalarni saqlab qolgan, ammo arzon smartfondir.

Galaxy S20 FE tekis, diagonaliga 6,5 dyuymlik Super AMOLED displey bilan jihozlangan. Uning ekrani FullHD+ formatida tasvir uzatadi, kadr yangilanish chastotasi esa 120 gersga teng. Selfilar uchun 32 megapiksellik kamera displeyning tepa qismi o‘rtasidagi tuynukka joylangan.

Samsung bu mahsulotini ikki xil talqinda chiqargan va ular o‘zaro protsessoriga ko‘ra farqlanadi. Smartfonning 5G-versiyasiga Snapdragon 865 chipseti o‘rnatilgan bo‘lsa, nisbatan arzonroq talqinida kompaniya o‘zining Exynos 990 protsessorini qo‘llagan. Har ikkala holatda ham tezkor xotira 6 gigabaytlik, doimiy xotira esa 128/256 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi. Shuningdek, unda 1 terabaytgacha hajmli microSD xotira kartasi uchun uyacha mavjud. Mazkur smartfon ikkita nano-SIM kartasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Akkumulyatorining tok sig‘imi – 4500 mA/soatlik, xuddi Galaxy S20+ flagmanidagi kabi. Garchi u 25 vattlik tezkor quvvatlana olsa-da, qadog‘ida zaryadchik 15 vattlik tezkor quvvatlashga qodir. Shuningdek, Galaxy S20 FE simsiz quvvatlana oladi va Fast Wireless Charging 2.0 standartiga mos PowerShare teskari zaryadlash funksiyasiga ega (ya’ni, boshqa gadjetlarga quvvat uzatadi).

Galaxy S20 FE bosh kamerasidagi 12 megapiksellik asosiy datchik optik barqarorlashtirish xossasiga ega. Ikkinchi moduli esa, Galaxy S20 modelidagi singari, 12 megapiksellik bo‘lib, keng burchakli ob’yektiv bilan birlashgan. Bundan tashqari, unda 8 megapiksellik uchinchi sensor teleob’yektivga ega – u 3 karralik optik va 30 karralik raqamli zumni qo‘llab-quvvatlaydi, lekin 8K-video yozishga qodir emas.

Galaxy S20 FE akselerometr, barometr, giroskop, geomagnit sensori, Xoll datchigi, yaqinlashuv va yoritilganlik datchiklari bilan ta’minlangan. Bulardan tashqari, Wi-Fi 802.11 a/b/g/n/ac/ax, Bluetooth v 5.0, USB Type-C, NFC, GPS, Galileo, GLONASS va BeiDou kabi aloqa interfeyslarini ta’kidlab o‘tish o‘rinli.

Arzonlashtirilgan flagmanda ham ekranosti barmoq izi skaneri, AKG sozlamasi va Dolby audiotexnologiyasiga ega stereodinamiklar mavjud. Kompaniya uning korpusini IP68 standartiga ko‘ra suvdan himoyalagan. Android 10 tizimli bu smartfonning olti xil rangdagi korpusi 74,5x159,8x8,4 millimetrlik o‘lchamga va 190 grammlik vaznga ega.

Samsung bu mahsulotining 128 GB ichki xotirali 5G-versiyasini AQShda 700 dollardan boshlab sotmoqchi. Yevropa bozoriga esa uning xuddi shunday xotirali, biroq 4G-talqini 630 yevrodan boshlanuvchi narxda yetkazib beriladi. Galaxy S20 FE ochiq savdoga 2 oktyabrdan chiqariladi, shungacha ayrim mamlakatlarda turli sanalarda oldindan buyurtma olinadi.

O‘QING: Samsung flagmanlarida yangi ishkal: ular «ochlik e’lon qildi»!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!