Galaxy S21 flagmanlari tannarxi hatto Galaxy S20’larnikidan ham past ekan: nimalarda tejashgan?

  •   DiMaX
  •  1073
  •  28.04.2021 10:53

Galaxy S21 flagmanlari tannarxi hatto Galaxy S20’larnikidan ham past ekan: nimalarda tejashgan?

Counterpoint Research tadqiqot kompaniyasining tahlilchilari Galaxy S21 turkumi flagmanlari tannarxini hisoblab chiqishdi. Buni qarangki, Samsung uchun ular bulturgi Galaxy S20 seriyasidan ham arzonga tushgan ekan!

O‘QING: iPhone 12’ning tannarxini hisoblashdi: Apple uni ikki baravardan oshiq narxda pullayapti!

Xususan, yangi smartfonlar oilasining eng zo‘r modeli – Galaxy S21 Ultra 5G tannarxi salkam 533 dollarga to‘g‘ri kelgan. Bu esa o‘tgan yilgi Galaxy S20 Ultra 5G tannarxidan 7 foizga past ko‘rsatkich!

Standart talqindagi Galaxy S21 hamda Galaxy S21+ smartfonlarini tayyorlash esa yanada arzonga tushyapti: ularning tannarxi Galaxy S20 va Galaxy S20+ modellarinikiga nisbatan 12–13 foizga past. Umuman olganda, janubiy koreyalik texnogigantning yangi avlod flagmanlari tannarxi 400 – 600 dollarga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘QING: Samsung har bir sotilgan Galaxy Note 20 Ultra’dan bitta flagman smartfon pulicha foyda qilyapti!

Tahlilchilarning ta’kidlashlariga ko‘ra, Galaxy S21 seriyasining tannarxi pasayganiga sabab – ularni yaratishda xarajatlar optimizatsiya qilinganidir. Masalan, smartfonlarda 5G-modem alohida bo‘lmasdan, mikrosxemalarning asosiy jamlanmasiga kirgan; natijada tizim soddalashgan va tannarx pasaygan. Samsung bu flagmanlarida o‘zining Exynos 2100 protsessorini qo‘llagani ham yakuniy tannarx pasayishiga sababchi bo‘lgan.

Bulardan tashqari, Galaxy S21 Ultra modelida bir millimetrlik diapazondagi antenna modullari soni uchtadan ikkitaga tushirilgan. Smartfon jamlanmasiga 25 vattlik quvvatlagich hamda simli quloqchin solinmagani ham tannarxga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

Tannarxi pasayishi bilan birga, Samsung mazkur telefonlarini iste’molchilarga ham bulturgi flagmanlaridan arzon sotayotganini ta’kidlamasak insofdan bo‘lmas. Shuning natijasida Galaxy S21 turkumi savdolarining ilk to‘liq oyi – joriy yilning fevralida ular 3,4 milliontadan ortiq sotilgan. Bu esa 2019 yili chiqqan Galaxy S20 seriyasining birinchi to‘liq oyda sotilish ko‘rsatkichidan naq 22 foizga yuqori natijadir.

O‘QING: Galaxy S20 Ultra tannarxi hisoblandi – Samsung uni necha baravar qimmatga sotyapti?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!