Galaxy S21 flagmanlarining protsessori – Snapdragon 888 raqibi taqdim etildi! (+video)

  •   DiMaX
  •  650
  •  13.01.2021 12:57

Galaxy S21 flagmanlarining protsessori – Snapdragon 888 raqibi taqdim etildi! (+video)

Samsung kompaniyasi Galaxy S21 turkumi smartfonlarining global bozorga mo‘ljallangan variantlarida o‘zining Exynos 2100 protsessorini o‘rnatadi. Janubiy Koreya, Xitoy va AQShda sotiladigan variantlari esa Snapdragon 888 chipsetida ishlaydi.

O‘QING: Exynos 2100 protsessorli Galaxy S21+ hamda S21 Ultra flagmanlarini Geekbench’da taqqoslab ko‘rsatishdi!

Galaxy Unpacked tadbirining 14 yanvarda bo‘lib o‘tishi ma’lum; Samsung esa undan oldin o‘zining yangi – Exynos 2100 rusumli flagman protsessorini namoyish qildi. Kompaniya uni eng yangi ARM yadrolari hamda 5G-modemni qo‘llagan holda, 5 nanometrlik texnologik jarayon asosida tayyorlagan.

Oldingi – Exynos 990 protsessori bilan taqqoslaganda, Exynos 2100 samaradorligi taxminan 30 foizga oshgan, energiya xarji esa 20 foizga kamaygan. Yangi chipset smartfonda 200 megapiksellikkacha aniqlikdagi kameralar bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Exynos 2100 qo‘llangan flagmanlarda soniyasiga 60 kadr tezligida 8K’gacha bo‘lgan sifat bilan video yozib olish va ijro ettirish mumkin. Shuningdek, bunday qurilmalarda ekranning aniqligi 4K formatida, yangilanish chastotasi 120 gerslik qilish, yoki QHD+ formatidagi 144 gerslik displey qo‘llash mumkin. Bulardan tashqari, ushbu chipset eng so‘nggi – LPDDR5 turidagi tezkor xotira hamda UFS 3.1 toifali doimiy xotira chiplari bilan hamkorlikda ishlay oladi.

Exynos 2100 chipseti sakkiz yadroli bo‘lib, unda bitta o‘ta qudratli – 2,9 GGs chastotali Cortex-X1 yadrosi qo‘llangan. Uning jamlanmasiga yuqori samaradorlikka ega – 2,8 GGs.lik Cortex-A78 yadrosidan uchtasi, quvvat tejovchi – 2,2 GGs.lik Cortex-A55 yadrosidan to‘rttasi kirgan.

Chipset tarkibidagi ARM Mali-G78 grafik tezlatgichi 14 ta yadroga ega bo‘lib, uning samaradorligi 40% oshgan va Vulkan hamda OpenCL texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Protsessorning sun’iy intellekt hamda mashinaviy ta’lim bilan bog‘liq vazifalardagi samaradorligi 15 dan to 26 TOPS’gacha ko‘tarilgan; bu borada Samsung flagman chipseti endi Snapdragon 888 darajasiga yetib olgan.

O‘QING: 2021 yilning eng kutilayotgan 10 smartfoni

Quyidagi rasmiy videoda Exynos 2100 protsessorining muhim xususiyatlari to‘g‘risida batafsil (ingliz tilida) ma’lumot berilgan:

Exynos 2100 chipseti allaqachon ommaviy ishlab chiqarishga joriy etilgan va u Galaxy S21 turkumida debyut qiladi. Ushbu protsessor keyinchalik boshqa smartfonlarda ham qo‘llanishi mumkin, lekin bu borada aniq ma’lumot yo‘q. Hozircha esa Snapdragon 888 chipli uchta flagman AnTuTu benchmarkida ketma-ket rekord o‘rnatdi.

O‘QING: Galaxy S21 smartfoni va qadog‘i aks etgan «jonli» video tarqaldi (+narxlari)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!