Galaxy S21 seriyasi haqidagi barcha asosiy ma’lumotlar ma’lum bo‘ldi!

Galaxy S21 seriyasi haqidagi barcha asosiy ma’lumotlar ma’lum bo‘ldi!

Galaxy S21 seriyasining 14-yanvardagi taqdimoti yaqinlashib kelar ekan, Samsung'ning yangi flagmanlari haqida batafsil ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda.

Shulardan eng so‘nggisi AndroidPolice saytida e’lon qilindi. Sayt mutaxassislarining yozishicha, S21 lineykasi tarkibida rostdan ham uchta: Galaxy S21, S21+ va S21 Ultra smartfon bo‘ladi.

Galaxy S21
Galaxy S21 Ultra

Ham S21, ham S21+ modellariga 120Hz yangilanish chastotasiga ega FHD+ displey o‘rnatiladi, biroq bu smartfonlarda yangilanish chastotasi S21 Ultra'dagi kabi adaptiv bo‘lmaydi. Kichik modellar uchun ekran hajmi o‘tgan yilgi bilan bir xil bo‘lib qoladi — S21 modeli 6.2 dyuym, S21+ 6.7 dyuym, S21 Ultra esa 6.8 dyuym diagonalga ega bo‘ladi. Qiyos uchun, bu yilgi S20 Ultra'ga 6.9" ekran o‘rnatilgandi. Sizdirilgan yangi ma’lumotda yana tasdiqlanishicha, Ultra'ning displeyi yuqori rezolyutsiyali 1440p LTPO ekran bo‘ladi.

Bunga qo‘shimcha, Ultra modeli S Pen stilusini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq ruchka qadoq tarkibida mavjud bo‘lmaydi, korpusda Note'lardagi kabi ruchka uchun tirqish ham bo‘lmaydi. Samsung S Pen uchun «cho‘ntakcha»ga ega himoya chexollarini alohida sotishni rejalashtirgan.

S21 seriyasi dizayni hozirgacha chiqarilgan renderlardagi kabi bo‘ladi — orqa kamera moduli yon hoshiyaning chap yuqori burchagidan boshlanadi. Shuningdek, kamera moduli va korpusning qolgan qismi turli ranglar kombinatsiyasida bo‘lishi ham aytib o‘tilgan. Galaxy S21 korpusi plastik, Ultra'niki esa shisha bo‘ladi. S21+ ning korpus materiali esa hozircha noma’lum.

Har uchala smartfon mintaqaga qarab, yoki Snapdragon 875, yoki Samsung'ning o‘zi ishlab chiqargan Exynos 2100 chipsetlarida ishlaydi.

S21 va S21+ lar kamerasi oldingi avlod flagmanlarinikidan unchalik ham farqlanmaydi: asosiy kamera 12MP, ultrakeng kamera 12MP va telefoto kamera 64MP rezolyutsiyali bo‘ladi. S21 Ultra esa 12% yuqoriroq yorug‘lik sezgirligiga ega Samsung'ning yangi 108MP HM3 datchigi bilan jihozlanadi. Yana aytilishicha, Samsung S21 Ultra'ga ikkita 10MP telefoto kamera qo‘shadi. Bu datchiklar 3 va 10 karra optik zum xususiyati hamda S20 Ultra'dagiga qaraganda 130% katta piksellarga ega bo‘ladi. S21 Ultra'ning to‘rtinchi kamerasi 12MP ultrakeng kamera bo‘lishi aytilmoqda.

Galaxy S21 kamerasi
Galaxy S21 Ultra kamerasi

Akkumulyator sig‘imi esa S21 va S21 Ultra'larda bu yilgi S modellaridagi bilan bir xil, ya’ni mos ravishda 4,000 va 5,000 mAs bo‘ladi. S21+ esa 4,800 mAs sig‘imli akkumulyatorda ishlaydi. Qiyos uchun, S20+ ga 4,500 mAs akkumulyator o‘rnatilgan.

Dasturiy ta’minot borasida esa Android 11 asosidagi One UI 3.1 proshivkasini kutish mumkin.

S21 Phantom Violet, Phantom Gray, Phantom White, va Phantom Pink ranglarida, S21+ Phantom Silver, Phantom Black va Phantom Violet, S21 Ultra esa faqatgina Phantom Silver va Phantom Black ranglarida sotuvga chiqadi. Qurilmalarning narxi hozircha aytilmagan.

O‘QING: Samsung naq yettita flagman smartfon tayyorlayapti, lekin birortasi ham «Note» emas!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!