Galaxy S21 vs iPhone 12: qaysi smartfonlar tezroq arzonlashmoqda?

  •   DiMaX
  •  1552
  •  10.04.2021 09:12

Galaxy S21 vs iPhone 12: qaysi smartfonlar tezroq arzonlashmoqda?

AQShdagi ishlatilgan smartfonlarni sotishga ixtisoslashgan SellCell servisi qiziq statistikani e’lon qildi. Unda AQShdagi ikkilamchi bozorda turli modellarning narxlari qanchalik pasayishi aks ettirilgan.

O‘QING: Uncha-munchaga o‘z narxini yo‘qotmaydigan o‘nta smartfon

Garchi hisobotda ko‘p ma’lumotlar keltirilgan bo‘lsa-da, ikkita yetakchi smartfonsoz – Samsung hamda Apple kompaniyalarining eng so‘nggi flagmanlarining arzonlashuv darajasi qiziqroq. Unga ko‘ra, Galaxy S21 turkumi vakillari hozirgacha 44,8–57,1 foiz oralig‘ida arzonlashgan. iPhone 12 seriyasi vakillarida esa narxlarning pasayish ko‘rsatkichi 18–33,7 foiz orasida bo‘lgan.

Statistikaga ko‘ra, Samsung flagmanlari orasida Galaxy S21 5G modelining 256 GB flesh-xotirali varianti eng tez arzonlashyapti. Sotuvga chiqqanidan buyon u o‘z narxining naq 57,1 foizini yo‘qotgan. 128 gigabaytlik ichki xotiraga ega Galaxy S21+ esa bu turkum smartfonlari orasida eng sekin arzonlashayotganidir.

O‘QING: Dunyo bo‘yicha eng qudratli Android-flagmanlar (AnTuTu reytingi, 2021 yil mart)

Kupertinolik korporatsiyaning so‘nggi avlod smartfonlari orasida o‘z narxini eng ko‘p saqlab qolayotgani esa doimiy xotirasi 128 gigabaytlik iPhone 12 Pro Max bo‘lyapti. Savdoga chiqqanidan buyon o‘tgan besh oylik muddatda ushbu versiya atigi 18,1 foiz narxini yo‘qotgan.

Ko‘rish mumkinki, o‘n ikkinchi avlod ayfonlar orasida ichki xotirasi 512 gigabaytlik iPhone 12 Pro hamda 64 gigabaytlik standart iPhone 12 eng tez arzonlashmoqda. Amerikada hozir ularni dastlabki narxidan 33,7 foizga arzon olsa bo‘ladi:

Ta’kidlab o‘tish kerakki, yuqoridagi statistika faqat AQSh bozoriga tegishli, bu mamlakat fuqarolari esa Apple brendiga ancha sadoqatli. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, boshqa bozorlarda vaziyat bundan o‘zgacharoq bo‘lishi turgan gap.

Darvoqe, kuni kecha biz iPhone egalarini Android’ga o‘tishga majbur qilayotgan Xitoy flagmanlari haqida ma’lumot bergan edik. Shuningdek, ayfon egalarini Android-smartfonga o‘tishga undayotgan uchta asosiy sabab ham siz uchun qiziq bo‘lsa kerak.

O‘QING: Qoyilmisiz: har qanday iPhone’ni endi Galaxy’ga «aylantirish» mumkin!