Galaxy S22 va S22+ smartfonlari taqdim etildi

Galaxy S22 va S22+ smartfonlari taqdim etildi

Kecha Samsung kompaniyasi Galaxy S22 Ultra bilan bir qatorda S22 hamda S22+ modellarini ham taqdim etdi. Kichik modellar S22 Ultra kabi texnik jihatlari bilan maqtana olmasa-da, ularning korpusi Ultra model kabi premium toifadagi materiallardan ishlangan. 

O‘QING: Apple iPhone'da "terminal" xizmatini ishga tushiradi 

Shuni ta’kidlash kerakki, kichik flagmanlarning hajmi o‘tgan yilgi modellarnikiga qaraganda biroz kichraygan. Ayniqsa, S22 modeli o‘zining kichik hajmi bilan flagman darajadagi texnik ko‘rsatkichlarni taqdim etadi. 

Ikkala model ham hududga qarab Exynos 2200 yoki Snapdragon 8 Gen1 chipi bilan jihozlanadi. Chiplar to‘rt nanometrlik jarayon asosida yaratilgan bo‘lib, ular bitta Cortex-X2, uchta Cortex-A710 hamda to‘rtta Cortex-A510 yadrolariga ega. 

S22 va S22+ qurilmalarining 8/128GB hamda 8/256GB xotira bilan jihozlangan turlari mavjud. 

Kameraning texnik ko‘rsatkichlaridan ham qurilamalar bir-biridan umuman farq qilmaydi. Ularga 50MP asosiy kamera, 12MP ultrakeng kamera hamda 3x optik zumni qo‘llab-quvvatlovchi 10MP telefoto kamera o‘rnatilgan. 

Galaxy S22 modeli 6.1 dyuymli Dynamic AMOLED displeyi bilan jihozlangan bo‘lib, uning maksimal yorqinligi 1300 nitni tashkil etadi. Displey adaptiv yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni joriy kontentga qarab, displey 10-120Hz chastotalarga almashib ishlay oladi. 

O‘tgan yilgi S21 bilan taqqoslanda yangi modelning korpus uzunligi 0.5 millimetrga, kengligi esa 0.6 millimetrga qisqargan bo‘lsa, og‘irlik bo‘yicha o‘zgarish bo‘lmagan. 

Yana bir farq shundaki, bu yilgi modelning orqa paneli plastik emas, balki shisha bilan qoplangan. Smartfonni orqa va old tomondan Corning Gorilla Glass Victus+ shishasi himoya qiladi. 

Korpus hajmi kichrayishi akkumulyatorning ham hajmi kichrayishiga sabab bo‘lgan. S21 modeli 4,000 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lsa, yangi model maksimal 25 vattda quvvat oluvchi 3,700 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. 

Galaxy S22+ modeli esa 6.6 dyuymli Dynamic AMOLED displeyi bilan jihozlangan bo‘lib, uning maksimal yorqinlik darajasi 1750 nitni tashkil qiladi. S22 modeli kabi Plus modelning displeyi ham 10-120Hz adaptiv chastotada ishlaydi. 

Ushbu qurilma 45 vattda quvvat oluvchi 4,500 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega. Shuningdek, u Wi-Fi 6E simsiz tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. S22 esa Wi-Fi 6 bilan cheklangan. 

Ikkala model ham Android 12 operatsion tizimiga asoslangan One UI 4.1 grafik qobig‘ida ishlaydi. Smartfonlar IP68 standarti hamda ultra tovushli barmoq izi skaneriga ega. 

Galaxy S22 va S22+ modellariga oldindan buyurtma berish kechadan boshlandi. Ularni yetkazib berish 25-fevraldan boshlanadi. 

Qurilamaning narxi quyidagicha: 

Samsung Galaxy S22 

8/128GB - 849 yevro

8/256GB - 899 yevro 

Samsung Galaxy S22+ 

8/128GB - 1049 yevro

8/256GB - 1099 yevro 

Uchinchi tomon riteylerlardan qurilamalarning Phantom Black, Phantom White, Green va Pink Gold rangdagi turlarni sotib olish mumkin bo‘lsa, Samsung.com saytidan yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda Cream, Graphite, Sky Blue hamda Violet rangli smartfonlarini sotib olish mumkin. 

O‘QING: Yangi Galaxy smartfoni DxOMark reytingida S21 va S21+ smartfonlarini ortda qoldirdi 

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!