Galaxy S22'ning kamerasi borasidagi ma’lumotlar sizdirildi. Samsung ijobiy o‘zgarish qilmoqda

Galaxy S22'ning kamerasi borasidagi ma’lumotlar sizdirildi. Samsung ijobiy o‘zgarish qilmoqda

Samsung o‘zining Galaxy S22 smartfonlarini 2022 yilning birinchi choragida taqdim etishi kutilmoqda. Hozirga qadar smartfonlarning ishqibozlarga xush kelmaydigan jihati haqida xabar bergan edik. Endi esa xushxabar yetkazmoqchimiz.

O‘QING: Galaxy M hamda Galaxy A turkumining oltita modelida ishkal – «Hard reset» ham ish bermayapti!

Bu yilgi Galaxy S21 va S21+ modellari o‘tgan yilgi S20/S20+ lardan kamera borasida uncha katta farqqa ega emas. Vaholanki, keyingi yilgi flagmanlarda sezilarli o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin.

Informator @FrontTron sizdirgan ma’lumotlarga qaraganda, Galaxy S22 va S22+ smartfonlari uchta kamera tizimiga, jumladan, 50MP asosiy, 12MP ultrakeng va 3x optik zumli 12MP telefoto kameraga ega bo‘lishi mumkin.

Agar bu ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, Samsung marketing uchungina katta megapiksellar ortidan quvishni to‘xtatgan va haqiqiy amaliy ahamiyatga ega o‘zgarishlarni taqdim etayotgan bo‘ladi. Biroq insayder ushbu ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkinligi haqida ham ogohlantirgan. Hozircha kamera sensorlarining model raqami haqida ma’lumot yo‘q. Shuningdek, Galaxy S22'lar Samsung'ning ISOCELL sensoriga ega bo‘ladimi yoki Sony'ning IMX sensorigami — bu ham noma’lum.

Galaxy S20, Galaxy S20+, Galaxy S21 va Galaxy S21+ smartfonlari 12MP (1/1.76 dyuymli) asosiy kamera, 12MP ultrakeng va 64MP telefoto kameraga ega. Smartfonlarning barchasi juda yaxshi darajadagi tasvir olish imkoniga ega bo‘lsa-da, kamera borasida ajralib turadigan biror jihat yo‘q.

Yorqinroq va tiniqroq tasvirlar uchun Galaxy S22 modellarida kompaniya kattaroq (1/1.28 dyuymli yoki 1/1.12 dyuymli), 50MP sensordan foydalanishi mumkin. Yangi sensor 8K va past yoritilgan sharoitlarda 4K videolar olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Galaxy S21'ning 64MP kamerasi o‘rniga 12MP sensor o‘rnatish va sifatli telefoto linza qo‘yish mahalliy zum darajasida ko‘proq detall namoyon bo‘lishiga imkon yaratib berishi kerak. Smartfonlarning selfi kamerasi o‘lchami yoki rezolyutsiyasi borasida esa hozircha ma’lumot mavjud emas.

O‘QING: Galaxy F42 5G ham sertifikat oldi – xususiyatlari bilan tanishamiz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.