Galaxy S23 Ultra raqobatchisi? Realme o'zining Oyni suratga oladigan 200 MP kamerali smartfonini rasman taqdim qildi

Galaxy S23 Ultra raqobatchisi? Realme o'zining Oyni suratga oladigan 200 MP kamerali smartfonini rasman taqdim qildi

Realme kompaniyasi bugun o'z vatanida yangi Realme 10 davomchilarini rasman taqdim qildi. Bu Realme 11 seriyasi bo'lib, ushbu qatorga Realme 11, Realme 11 Pro va Realme 11 Pro+ modellari kiradi.

Realme 11 Pro+

Eng avvalo qatordagi eng yuqori model – Realme 11 Pro+ smartfonidan boshlaydigan bo'lsak, uning eng o'ziga xususiyatlaridan biri orqasidagi 200 MP kamerasi hisoblanadi. Bu Samsung kompaniyasining HP3 sensori (1/1.4 dyuym) bo'lib, u yumaloq kamera orolining markazida joylashgan. Ushbu f/1.69 diafragmali kamera tasvirni optik barqarorlashtirish xususiyati bilan tasvir sifatini yo'qotmasdan 2×/4× zum qilish qobilyati ega. U Super Night Scape (super tungi manzara), Moon Mode (Oy rejimi) va yulduzni suratga olish uchun Starry Mode Pro rejimlariga ega.

Kompaniyaning ta'kidlashicha, flagman o'zining sifatni yo'qotmasdan zum qilish va shu bilan birga tunda ultra-tiniq tasvirlar olish imkoniyatlari orqali xuddi Galaxy S Ultra smartfonlari kabi yuqori sifatli Oy suratlarini tasvirga tushira oladi. Shuningdek, siz ushbu kamera bilan 30 fps tezlikda 4K formatidagi videolar olishingiz ham mumkin. Asosiy kameraga qo'shimcha tarzda uning ikki yon tomonlariga 8 MP ultra-keng hamda 2 MP makro linzalar joylashtirilgan.

Realme 11 Pro+ old tomonida ikki yon tomonlari egilgan 6.7 dyuymli AMOLED displeyga ega. U FHD+ (1080×2412) rezolyutsiyada bo'lib, 120 gerts yangilanish tezligini qo'llab-quvvatlaydi, HDR10+ bilan sertifikatlangan va 950 maksimal yorqinlikka chiqa oladi. Ekran yuqori markazidagi teshikdan 32 megapikselli selfi kamera o'rin olgan. 

Realme 11 Pro+ kapoti ostida MediaTek'ning Dimensity 7050 chipseti bor bo'lib, u 12 GB (+8 GB virtual) RAM va 1 TB xotira bilan Android 13 ga asoslangan Realme UI 4.0 da ishlaydi. Uning 5000 mA/s batareyasini 100 Vt tezlik bilan 26 daqiqada 100% zaryadlashingiz mumkin. Aloqa va ulanish borasida ikkilik 5G SIM-kartalar, Wi-Fi 6 va Bluetooth 5.2 texnologiyalari ishlaydi. Qo'shimchasiga smartfonda barmoq izi skaneri (ekrani ostida), yuqori sifatli vibratsiyalarni ulashuvchi X o'q chiziqli motor, kontaktsiz to'lovlar uchun NFC, Hi-Res sertifikatiga ega ikkita Dolby Atmos dinamiklar va shovqinni kamaytirish xususiyatiga ega ikkita mikrofonlar bor. Simli naushnik uchun 3.5 mm uya mavjud emas.

Realme 11 Pro+ smartfonining yana bir e'tiborga molik jihati shundaki, uning orqa tomoni dog'larga qarshi himoyaga ega sintetik teri bilan qoplangan va uning o'rtasidan uch o'lchamli tikuv elementlari o'tkazilgan. Aytish kerakki, ushbu dizayn Gucci'ning sobiq dizaynerlaridan biri, Matteo Menotto tomonidan yaratilgan. Charmli modellar ikki xil: sarg'ish va yashil ranglarda taklif qilinadi. Qolaversa, smartfonni "jiddiyroq" qora variantda ham topishingiz mumkin va u charmlilariga qaraganda ingichkaroq (8,2 mm vs. 8,7 mm) va yengilroqdir (185 gr vs. 191 gr). Narxlar quyidagicha:

  • 12 GB + 256 GB = 2099 yuan (≈303 dollar)
  • 12 GB + 512 GB = 2399 yuan (≈346 dollar)
  • 12 GB + 1 TB = 2799 yuan (≈404 dollar)

Smartfonga Xitoyda allaqachon oldindan buyurtma berish boshlangan. Sotuvlar esa 15-maydan boshlanishi kutilmoqda.

Realme 11 Pro

Realme 11 seriyasidagi o'rta model, Realme 11 Pro smartfoni o'zining kattasidan unchalik farq qilmaydi. Masalan, ushbu model ekrani Pro+ modelniki bilan bir xil. Kapot ostida esa ular xotirada va batareya zaryadlanishi tezligi farq qiladi: Realme 11 Pro smartfonini 8 GB va 12 GB operativ xotira bilan 67 Vt tezlikda (18 daqiqada 50%) taklif qilinadi.

Asosiy farq kamerada – Pro model f/1.75 diafragmali, OIS xususiyatiga ega 100 MP asosiy kamera bilan jihozlangan. Piksel soni ahamiyatga ega emas yoxud siz ushbu modelda ham soniyasiga 30 kadr tezlikdagi 4K videolar olishingiz mumkin. Ushbu asosiy kameraga 2 MP makro sensor hamrohlik qiladi. Old tomondagi selfi kamera esa 16 MP. Realme 11 Pro ham charmli hamda charmsiz qora rangdagi variantlarda taklif qilinadi. Uning narxi quyidagicha:

  • 8 GB + 256 GB = 1799 yuan (≈260 dollar)
  • 12 GB + 256 GB = 1999 yuan (≈289 dollar)
  • 12 GB + 512 GB = 2299 yuan (≈332 dollar)

Realme 11 Pro modeli Realme 11 Pro+ bilan birga 15-maydan Xitoyda sotuvga chiqadi. 

Realme 11 

Qatordagi eng kichik model – Realme 11 ga keladigan bo'lsak, uning texnik xususiyatlari quyidagicha:

  • Ekran: 6.43 dyuym, Super AMOLED,  FHD+ (2400×1080), 90 gerts yangilanish tezligi, 1000 nit
  • maksimal yorqinlik
  • Orqa kameralari: 64 MP + 2 MP
  • Old kamerasi: 8 MP
  • Protsessor: MediaTek Dimensity 6020 5G
  • Xotira: 8/12 GB RAM; 128/256 GB xotira
  • Batareya: 5000 mA/soat
  • Zaryadlanish tezligi: 33 Vt

Boshlang'ich model, Pro'lar kabi na yon tomonlari egilgan va na charmli xususiyatlarga ega, lekin hech bo'lmaganda unga ham yumaloq kamera oroli stili qo'llanilgan va u Realme UI 4.0 da ishlaydi. Ushbu modelning kattalaridan afzalligi shundaki, U 3.5 millimetrli simli naushnik uyasiga ega. Uning narxi quyidagicha: 

  • 8 GB + 256 GB = 1599 yuan (≈231 dollar)
  • 12 GB + 256 GB = 1799 yuan (≈260 dollar)

Realme ushbu smartfonni sotishni xohlamayotgandek go'yo yoxud Realme 11 smartfoni sotuvi Xitoyda 1-iyunda boshlanadi.

Realme 11 seriyasining xalqaro bozorga chiqishi to'g'risida ma'lumotlar hozircha mavjud emas, biroq o'tgan yilgi Realme 10 seriyasi O'zbekistongacha yetib kelganligini hisobga olsak, Realme 11 seriyasi tez orada boshqa hududlar uchun ham namoyish qilinishini tahmin qilishimiz mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.