Galaxy S23+ va Galaxy S23 Ultra'ning rasmiy reklama posterlari tarqalib ketdi!

Galaxy S23+ va Galaxy S23 Ultra'ning rasmiy reklama posterlari tarqalib ketdi!

Samsung o'zining yangi avlod flagman smartfonlarini taqdim qilishiga dekabrni hisobga olmaganda deyarli 1 oy vaqt qoldi. Tabiiyki, taqdimot sanasi yaqinlashar ekan, bo'lajak qurilmalar haqidagi ma'lumotlar ham ko'paya boshlaydi. 91mobiles sayti Galaxy S23 seriyasining katta a'zolari – Galaxy S23+ va Galaxy S23 Ultra modellarining rasmiy reklama posterlarini ulashdi.

Birinchi bo'lib Galaxy S23+ smartfonidan boshlaydigan bo'lsak, u suratda pushti rangda hozirgi Galaxy Buds 2 Pro va Galaxy Watch 5 aksessuarlari bilan turibdi. Garchi suratlarda Galaxy S23'ning o'zi yo'q bo'lsa ham, u dizayn borasida Galaxy S23+ modelidan farq qilmasligi, faqat undan biroz kichikroq bo'lishi hammaga ma'lum. Bir qarashda Plus modeldagi dizayn o'zgarishini sezmasligingiz mumkin, lekin shuni aytish kerakki, Samsung bu safar undan (shu bilan birga, oddiy modeldan ham) kamera orolini olib tashlagan. Endi u(lar) xuddi Galaxy S22 Ultra yoki Galaxy A32 kabi dizaynga ega. Old tomonda esa, ehtimol, ekran ramkasida millimetr farqlar bo'lishi mumkin, ammo u unchalik sezilmaydi.

Galaxy S23 Ultra'ga keladigan bo'lsak, u yashil rangda (dehqonchasiga aytganda "nos rangda"). Samsung bu safargi Ultra'da uning avvalgisi dizaynini saqlab qolishga qaror qilgan ko'rinadi – S23 Ultra hozirgi S22 Ultra'dan tashqi ko'rinishda farq qilmaydi. Balki kameralar biroz kattalashgan bo'lishi, ekran ramkasi yanada toraygan bo'lishi mumkin, biroq bularni rasmlarga qarab aytib bo'lmaydi.

Galaxy S23 smartfonlari Qualcomm'ning Snapdragon 8 Gen 2 chipsetining kuchaytirilgan variantida, 200MP kamera bilan 1-fevral kuni taqdim qilinishi kutilmoqda.

O'QING: Samsung'ning mustahkam himoyali smartfon va planshetlari evolyusiyasi bilan tanishamiz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.