Galaxy S6 – Samsung tarixidagi eng yaxshi telefon

Galaxy S6 – Samsung tarixidagi eng yaxshi telefon

Samsung smartfonlarining doimiy muammosi uchta edi: dizayn va arzon material – plastikdan qilinganligi; unchalik ham mustahkam emasligi hamda ilovalarning sekin ishlashi. Shunga qaramasdan, Samsung Galaxy S seriyasi jahon bozorida juda katta muvaffaqiyat bilan sotildi.

Lekin, so‘nggi yilda hammasi o‘zgardi. Endi LG, Sony kabi doimiy raqobatchilardan tashqari Lenovo, Huawei, Xiaomi va xitoylik boshqa yana bir qancha kompaniyalar Samsungga jiddiy raqobat tug‘dira boshladi. Samsung esa, qat’iy o‘zgarishlarga qo‘l urishni kechga surib keldi. Etibor bergan bo‘lsangiz, Samsung Galaxy S3 telefonidan boshlab Galaxy S seriyasiga keskin o‘zgarishlar qilinmagandi. Shunchaki keyingi smartfon oldingisining zaif tomonlarini to‘ldirar, yaxshilar, lekin keskin o‘zgarishlar kiritilmasdi. Natijada Samsung bozordagi ulushini yo‘qota boshladi.

Shu sababli bu gal Samsung boshqa yo‘ldan borishga majbur bo‘ldi va keskin o‘zgarishlar kiritishga qaror qildi. Samsung Galaxy S6da hamma narsa, kichik detaligacha qayta ko‘rildi, qaytadan ishlab chiqildi va Samsung Galaxy S6 odatiy Galaxy S seriyasidagi telefonlardan mutlaqo boshqacha bo‘ldi.

Umumiy xarakteristikasi: 

Mobil apparat turi: smartfon
Operatsion tizimi: Android 5.0
Smartfon korpusi: klassik
Korpusda ishlatilgan materiallar: alyuminiy va shisha
SIM-karta: nano SIM
SIM-kartalar soni: 1
Og‘irligi: 138 gr
O‘lchamlar: 70,5x143, 4x6,8 mm
Ekran turi: rangli Super AMOLED, 16.78 mln turdagi ranglar, sensorli
Diagonal: 5,1 dyuym.
Har dyuymda piksellar soni (PPI): 576
Qirilishga qarshi himoya: bor
Fotokamera: 16 megapiksel, rangli diodli chaqnagich
Old kamera: bor, 5 megapiksel.
Audio: MP3, AAC, WAV, WMA
Standart aloqa: GSM 900/1800/1900, 3G, LTE
Internet: WAP, GPRS, EDGE, HSDPA, HSUPA, HSPA+
Interfeys: Wi-Fi 802.11ac, Wi-Fi Direct, Bluetooth 4.1, IRDA, USB, ANT+, NFC
Yo‘ldoshli navigatsiya: GPS/GLONASS
Protsessor: Samsung Exynos 7420
Protsessor yadrolari soni: 8
Videoprotsessor: Mali-T760 MP8
Ichki xotira sig‘imi: 32 Gb
Tezkor xotira: 3 Gb
Tashqi xotira kartasi sloti: yo‘q
Akkumulyatorning hajmi: 2550 mA/s
Akkumulyator: yechish imkoniyati mavjud emas
Simsiz zaryadlash funksiyasi: bor

Dizayn

Samsung bozordagi o‘z mavqeini tiklashi uchun o‘zining eng og‘riqli nuqtasi – dizaynini butkul qayta ko‘rib chiqishi kerak edi. Tan olish kerak, bu borada haqiqatan ham keskin o‘zgarish qilindi – Samsung nihoyat o‘z smartfonining chiroyi bilan odamni lol qoldira oldi. Smartfonni ilk marotaba qo‘lga olgandayoq, uning o‘ta sifatli, go‘zal va mustahkam materialdan tayyorlanganligini his qildim. Smartfon juda ingichka, burchaklari yengil bukilgan, uni qo‘lda ushlab turishning o‘zi bir zavq.

Galaxy_S6_dizayn

Dizayndagi yagona noqulaylik – bu orqa kameraning korpusdan biroz chiqib turganligi: smartfon yuzi tepaga qilib qo‘yilganda, birinchidan kamera yerga tegib qoladi, ikkinchidan smartfon bir tekis turmaydi.

Smartfonning yon tomoni alyuminiyli gardish bilan o‘ralgan, bu bizga olmali smartfonning oltinchisini eslatib yuboradi. Nima bo‘lganda ham, metall gardish qurilmaga mustahkamlik bag‘ishlaydi va tashqi ta’sirlardan himoya qilib turadi. Smartfonning old va orqa tomoni o‘ta sifatli Gorilla Glass 4 oynasi bilan qoplangan. U ham ushlashga yoqimli, ham smartfonni bashang qilib ko‘rsatadi. Gorilla Glass’ning nuqsoni – unda barmoq izlari yaqqol ko‘rinib qoladi.

Ekran

Agar siz bugunga qadar «Retina» iborasini eshitmagan bo‘lsangiz, sizga tushuntirib o‘tamiz.

«Retina» tushunchasi ilk marotaba Apple tomonidan qo‘llanilgan bo‘lib, inson ko‘zi ilg‘amaydigan darajada yuqori piksellar zichligiga ega ekranni anglatadi. Siz bugungi kunda ko‘rib turadigan ekrandagi tasvir kichik nuqtalar, yani piksellar vositasida yaratiladi.

Ekrandagi tasvir bir necha millionta rangli nuqtalarning jamlanishidan paydo bo‘ladi. Ekranda nuqtalar qanchalik ko‘p bo‘lsa, tasvir sifati shunchalik yaxshi bo‘ladi. Ekranning o‘lchami va undagi piksellar soniga qarab, tasvir sifatini aniqlash mumkin. Ekrandagi har dyuymda nechta nuqta – piksel borligi ekranning rezolyusiyasi (yorqinligi)ni ko‘rsatadi.

Galaxy_S6_ekran

Smartfonlarni o‘rtacha ko‘zimizdan ellik santimetr narida tutib turamiz. Bunday masofada smartfonning rezolyusiyasi televizor yoki kompyuternikidan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishi kerak, aks xolda piksellar ko‘zga tashlanib qoladi, tasvir yoqimsiz holga keladi – kvadratchalar sezilib qoladi. Bunday bo‘lmasligi uchun, har dyuymda piksellar soni (ppi) kamida 300ta bo‘lishi kerak.

Smartfonlardagi ekran rezolyusiyasi:

Samsung Galaxy S6: 5, 1 dyuymli ekran, 576 ppi;
Samsung Galaxy S5: 5, 1 dyuymli ekran, 432 ppi;
iPhone 6 Plus: 5, 5 dyuymli ekran, 401 ppi;
iPhone 6: 4, 7 dyuymli ekran, 326 ppi.

Ekrandagi tasvirning sifatli chiqishi ekrandagi piksellar nisbati yoki ekranning piksellarni ko‘rsatish qobiliyatiga bog‘liq, uni ekran sig‘imi deb ham ataymiz. Ko‘rsatish qobiliyati deganda, ekranning gorizontal va vertikal yo‘nalishda sig‘dira oladigan piksellar soni hisobga olinadi. Piksellar soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, tasvir shunchalik tiniq bo‘ladi. Masalan, ekraningiz uzunasiga, yani gorizontaliga 1920 ta piksel sig‘dirib, tepadan-pastga, yani vertikaliga 1080ta piksel sig‘dira olsa, juda sifatli tasvirga ega bo‘lasiz va bu tasvir qobiliyati «Full HD» deb nomlanadi.

Smartfonlar ekrani sig‘imi (ko‘rsatish qobiliyati):

Samsung Galaxy S6: 2560x1440 piksel;
Samsung Galaxy S5: 1920x1080 piksel;
iPhone 6 Plus: 1920x1080 piksel;
iPhone 6: 1334x750 piksel.

5,1 dyuymli o‘lchami, 2560x1440 pikselli ko‘rsatish qobiliyati (2,5K Quad HD) va 576 ppi rezolyusiyasi bilan Samsung Galaxy S6 displeyi Apple’ning Retina ekranlaridan butunlay ustun turadi. Samsung Galaxy S6 ekranining sifati LG G3, Oppo Find 7, Galaxy Note 4 kabi smartfonlarning ekranlari bilan raqobatga kirishadi. Buning hammasi nazariy tomondan qiyoslash edi. Lekin amalda Full HD va Quad HD o‘rtasidagi farqni oddiy ko‘z bilan anglab yetish juda qiyin va bu ko‘proq «yeng zo‘r ekran» deb maqtanish, ya’ni marketing uchun qilingan harakatga o‘xshab qolishi mumkin.

Yomon tomoni – odatda yuqori ko‘rsatish qobiliyatiga ega bo‘lgan ekran ko‘proq energiya talab qiladi va akkumulyatorning quvvati tez sarflanishiga sabab bo‘ladi.

Biz amalda telefonning ekranini sinab ko‘rdik. Qanchalik diqqat bilan qarasak-da, 1920x1080 piksel, yani Full HD formatga ega LG G2 telefoni ekrani bilan Samsung Galaxy S6 ekrani o‘rtasida katta farq topa olmadik. Turli xil video o‘yinlarni sinab ko‘rganimizda, ular 2560x1440 pikselda emas, tasvirni 1920x1080 pikselda namoyish etishdi. Bu, albatta, ushbu video o‘yinlarni ishlab chiqaradigan dasturchilarning tanlovidir, ular hozircha 2560x1440 pikselda tasvir bera olishmaydi.

Kunduzi quyosh ostida va yoqori yorug‘likda ekranning yorug‘ligini sinab ko‘rdik. Quyoshli kunda ekranning yorug‘ligi 780 kd/m2 ga yetdi va bu bugungi smartfonlar orasida rekord desak adashmagan bo‘lamiz. Masalan iPhone 6 yuqori yorug‘lik ostida 600 kd/m2 natija ko‘rsatgandi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkin: Samsung Galaxy S6 bugungi kundagi smartfonlar orasida eng sifatli ekranga ega. Kundalik ishlatuvda ekrandagi tasvir sifati juda yaxshi, ekran tiniq va siz biror noqulaylik his qilmaysiz.

Protsessor

Shu vaqtgacha Samsung o‘z smartfonlarida ikki xil – o‘zining Exynos protsessori va Qualcomm shirkatining Snapdragon protsessorlarini ishlatardi. Odatda Snapdragon protsessorlarining kuchi Exynos protsessorlaridan ancha yaxshi edi. Lekin, Samsung Galaxy S6 va Galaxy S6 Edge’ga kelganda, Snapdragon’dan voz kechildi. Ko‘pchilik Samsung o‘z smartfonldarini Qualcomm’ning eng so‘nggi Snapdragon 810 protsessori bilan jihozlashini kutgandi. Lekin Samsung o‘z mahsulotini afzal hisobladi, biz esa uning tanlovini sinab ko‘rdik.

Shuni aytish kerakki, dunyoda faqat Huawei va Samsung’gina o‘zi protsessor ishlab chiqarish imkoniga ega va boshqa shirkatlarga qaram bo‘lib qolmagan. Qolgan kompaniyalar, hatto Stiv Jobsning yetim qolgan shirkati ham o‘z smartfonlariga boshqa shirkatlardan protsessor sotib oladi.

Galaxy_S6_processor

Testga qaytaylik. Biz S6 protsessorini Galaxy Note 4 va Samsung Galaxy S5 4G+ bilan, shuningdek LG G3 bilan solishtirdik.

Galaxy Note 4 va Galaxy S5’ga Snapdragon 805, LG G3ga esa Snapdragon 801 protsessori o‘rnatilgan. Antutu benchmark dasturida Samsung Galaxy S6 hayratlanarli 64 773 ballni to‘pladi. Samsung Galaxy Note – 46 100, Samsung Galaxy S5 – 48 900, LG G3 – 37500 ball to‘plaganini hisobga olsak, Samsung Galaxy S6 bugungi kunning nafaqat eng kuchli protsessorlaridan biriga, balki eng kuchlisiga ega.

Benchmark natijalari:

PC Mark: 

Samsung Galaxy S6 – 5000;
Samsung Galaxy Note 4 – 4091;
Samsung Galaxy S5 4G+ – 3611;
LG G3 – 3561.

3DMark Ice Storm Unlimited:

Samsung Galaxy S6 – 24840;
Samsung Galaxy Note 4 – 14603;
Samsung Galaxy S5 4G+ – 21100;
LG G3 – 15210.

Dastur-ilovalar

Barcha telefonlariga Samsung o‘zining TouchWiz nomli ilovasini joylaydi va uni bir necha funksiyalar bilan boyitadi. Lekin, ushbu ilova juda og‘ir bo‘lib, natijada telefon juda sekin ishlaydi va ba’zida osilib ham qoladi.

Bu safar Samsung TouchWiz ilovasini ham butunlay qaytadan ko‘rib chiqqan va qator o‘zgarishlar kiritgan. Smartfonda Android operatsion tizimining eng so‘nggi – Android 5 Lollitop talqini ishlab turibdi. Ushbu talqin dizayni va ishlash tezligi jihatidan oldingilaridan ancha tez va qulay.

Samsungning yangi TouchWiz ilovasidan keraksiz ming bitta funksiya olib tashlangan, ularning o‘rnini ajoyib dasturlar to‘ldirgan va bu smartfonning ishlash tezligiga ijobiy ta’sir qilgan. Qisqa qilib aytganda – hammasi ancha soddalashtirilgan.

Bizni hayron qoldirgan narsalardan biri barmoq izini tanuvchi moslama bo‘ldi. Endi ushbu moslama iPhone kabi Home tugmasida joylashgan va o‘zining ishlash tezligi, aniqligi jihatidan iPhonedagi moslamadan ancha yaxshidir.

Barmoq izlarini tanishda adashmasligini tekshirish uchun iPhone 6 Plus va Samsung Galaxy S6da 50 martadan test qilib ko‘rdik. Turli xil holatlarda, barmoqni turlicha qo‘yib ko‘rdik. iPhone 88 foiz holatda, Galaxy S6 94 foiz holatda barmoq izlarini to‘g‘ri tanidi.

Yana bir yutuq – barmoq izini aniqlash tezligidir. Bu borada iPhone 6 Plus Samsungdan ancha ortda qoldi.

Kamera

Samsung Galaxy S6 16 megapikselli kamera bilan jihozlangan bo‘lib, uning eng katta afzalligi optik stabilizator mavjudligidir. Kamera Sony kompaniyasining eng so‘nggi yutug‘i – Sony IMX240 kamerasidir.

Optik stabilizator, avtofokus sifatli va tezkor suratga olish imkonini beradi. Fotosuratning ham, videoning ham sifati yuqori, detallar ancha yaxshi ko‘rinib turadi.

Galaxy_S6_camera

Akkumulyator

Eng muhim yangiliklardan biri – bu smartfonning zaryadlanish tezligi. Samsung Galaxy S6ni 4 soat ishlatish uchun uni atigi 10 daqiqa zaryadlash yetadi. Boshqa smartfonlar bilan solishtirganda, bu juda yaxshi ko‘rsatkich. Eslatib o‘tamiz, smartfon 2550 mA/s sig‘imli akkumlyator bilan jixozlangan.

Akkumulyatorni sinash uchun smartfonda Wi-Fi, 3G, 4G, GPRS doim yoqiq turdi va besh kun davomida doimiy ishlatildi. Eng ko‘p ishlatilgan kuni smartfonda kechki soat o‘nda 15 foiz zaryad qoldi va, firkimizcha, bu juda ajoyib natija.

Akkumulyatorni testdan o‘tkazish natijalari

Tinimsiz Wi-Fi ishlatilganda: 

Samsung Galaxy S6 – 602 daqiqa;
iPhone 6 – 519 daqiqa;
Sony Xperiza Z3 – 458 daqiqa davomida ishlashi mumkin.

Tinimsiz video ko‘rganda: 

Samsung Galaxy S6 – 756 daqiqa;
iPhone 6 – 676 daqiqa;
Sony Xperia Z3 – 579 daqiqa davomida ishlashi mumkin.

Umumun olganda, odatiy ishlatishda Samsung Galaxy S6ning akkumulyatori ikki kun, faol ishlatilganda bir kunga bemalol yetadi. Ekran haqida gap ketganida tasvir qobiliyati 2, 5K Quad HD bo‘lgan ekranlar ko‘proq energiya iste’mol qilishini aytib o‘tgandik. Lekin testimizda smartfon energiyani kam iste’mol qilishini ko‘rsatdi. Buning siri yangi Samsung protsessorining kamroq energiya talab qilishidadir.

Xulosa

Samsung Galaxy S6, shubhasiz, Samsung tarixidagi eng yaxshi smartfondir. Bu safar Samsung ham dizayn, ham texnik imkoniyatlari jihatidan bugungi kunning eng zo‘r smartfonlaridan birini ishlab chiqara oldi. Samsungni olqishlaymiz, sababi bu safar kompaniya Apple mahsulotlari bilan raqobat qila oladigan haqiqiy sifatli telefon taklif qildi.

Ammo, Samsung smartfonga SD karta uchun slot o‘rnatganda, HTC One 9ga o‘xshagan kuchli dinamiklar o‘rnatganda, suvga chidamlilik xususiyatini qo‘shganda, yanada yaxshi bo‘lardi.

Keyingi tanqid albatta smartfonning narxiga oid. 600 AQSh dollaridan qimmatroqqa baholanayotgan smartfonni ko‘pchilikning hamyoni ko‘tara olmasligi tabiiy.

Nima bo‘lganda ham, Samsung Galaxy S6 koreyalik kompaniyaning boshqa smartfonlari, hatto Galaxy seriyasidagi gadjetlardan ham butkul o‘zgacha bo‘libdi.

Firuz Allayev

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

Asaxiy.Uz 2,794,000 сўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!