Galaxy S7 arzonroq bo‘ladi yoxud Samsung`ning narx siyosati o‘zini oqlaydimi?

Galaxy S7 arzonroq bo‘ladi yoxud Samsung`ning narx siyosati o‘zini oqlaydimi?

Bu hafta Samsung kompaniyasi vakili smartfonlar bozori stagnatsiyasi (savdo-sotiqning uzoq muddat to‘xtab qolishi)ga bag‘ishlangan har yillik marosimda qat’iy choralar ko‘rish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Kompaniya vitse-prezidentining ta’kidlashicha, Samsung «favqulodda o‘zgarishlar»ni amalga oshirishi lozim, aks holda bu bozorda yashab qolish imkonsiz. Bu borada biror aniq ma’lumot oshkor qilinmagan bo‘lsa ham, internetda kompaniya yangi narx siyosatini olib borishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Tahlilchi Pan Jutang ma’lumotiga ko‘ra, Janubiy Koreya texnologik giganti yangi Galaxy S7 flagman smartfonini 2015 yilda savdoga chiqarilgan Galaxy S6 smartfoniga qaraganda 10 foiz arzonroqqa sotishni rejalashtirmoqda. Arzonroq mahsulotlar taqdim etish orqali Samsung bozordagi raqobatbardoshligini mustahkamlamoqchi.

Galaxy S7 smartfoni bu yil odatdagidan ertaroq taqdim etiladi. Bu holatni ko‘pchilik, jumladan, obro‘li tahlilchilar aksariyat xaridorlar Xitoy smartfonlarini sotib olayotgani, natijada kompaniyaning bozordagi ulushi tobora kamayib ketayotgani bilan izohlashmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfonlar bozori yetakchisi biznesga nisbatan munosabatini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, Yevropada byudjet (arzon) uskunalar sotishni to‘xtatmoqchi. Avval tasdiqlanganidek, u taraqqiy etgan mamlakatlarda top (oliy toifali) gadjetlar ishlab chiqaruvchisi obrazini yaratmoqchi, rivojlanayotgan bozorlar uchun esa qimmat bo‘lmagan uskunalarning keng tanlovini taqdim etadi.

Yangi Galaxy S7 smartfonidan nimalar kutilmoqda? Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, top smartfon kod nomi Mongoose bo‘lgan yangi Exynos 8890 protsessori asosida ishlaydi. Shuningdek, yangi mahsulot ko‘z qorachig‘i skaneri, USB Type-C chiqish porti va ekranga bosilgan kuchga sezuvchanlik datchigi bilan ta’minlanadi. Bu safargi smartfon korpusi magniyli qotishmadan tayyorlanishi mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.