Galaxy S7 smartfoni iPhone’ning kushandasimi?

Galaxy S7 smartfoni iPhone’ning kushandasimi?

Hammasiga ertaga – 21 fevral kuni Barselonadagi Jahon mobil kongressining rasmiy ochilishidan bir kun avval o‘tadigan mobil kompaniyalarning namoyishlari va taqdimotlari chog‘ida oydinlik kiritiladi.

Ertaga namoyish etilishi kutilayotgan Galaxy S7 va Galaxy S7 edge qurilmalari haqida bizga hozircha ma’lum so‘nggi ma’lumotlarni taqdim etamiz.

Ko‘pchilikning fikricha, Galaxy S7 2016 yilning eng yaxshi “aqlli telefon”i bo‘lishi mumkin. So‘nggi yillarda mobil qurilmalar savdosida bozori chaqqon koreyalik kompaniya yangi vositani 2015 yilning “qahramoni” Galaxy S6’da aniqlangan quyidagi kamchiliklarni bartaraf etib, yangi layoqat va o‘ziga xos jihatlar bilan boyitgan.

Kompaniya qurilmalarda nihoyat qo‘shimcha xotira kartasini mustaqil o‘rnatish imkonini beruvchi microSD bo‘lmachasi uchun joy ajratmoqchi. Endi ularga kattaroq xotira fleshkasini o‘rnata olamiz. Ya’ni, smartfonlar 200 GB hajmgacha bo‘lgan xotira kartasini qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

S6 va S6 Edge’ning bo‘linmas quvvat toshi – akkumulyatori ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan edi. Ularning quvvat hajmi ham nisbatan kichikroq – 2500-2600 mAs edi. Navbatdagi mobil aloqa vositalarining  akkumulyatori 3000-3600 mAs hajmidagi elektr toki sig‘imiga ega bo‘lsa ajab emas. Ya’ni, endi Samsung’ning yangi qurilmalaridan ikki soat ko‘proq foydalanish mumkin. Ayniqsa, sohil ekranlariga ega S7 Edge uchun qo‘shima quvvat – bu foydalanuvchining xotirjamligini ta’minlaydi.

Android 6.0 Marshmallow operatsion tizimida ishlaydigan ushbu qurilmalarning suratga olish ko‘nikmalari ham oshdi. Galaxy S6’da suratlarni qayta ishlash va ularning sig‘imini kamaytirish funksiyasi mavjud edi. Yangi galjetlarning past yorug‘likda sifatli suratga olish, tezkor harakatlarni ham tiniq muhrlash ko‘nikmalari haqida ijobiy fikrlar yuribdi.

Qurilma kamerasi korpus sirti bilan shu qadar omuxtaki, qobiqda na kamera ob’yektivkasi va na boshqa qurilma bo‘rtmasi mavjud emas – korpus juda silliq. Hatto,  iPhone 6S ham bu kabi nafis dizaynga ega emas.

Turli vaziyat va ilovalardan foydalanishda qurilma displeyining sezuvchanligini oshirish yoki kamaytirish mumkin. Bu Apple’ning “aqlli soat”laridagi 3D touch texnologiyasi, ya’ni ekranni keragida yengil yoki qattiq chertish texnologiyasiga o‘xshab ketadi.

Galaxy S7’da audio quloqchinlar uchun 3.5 mm port mavjud. Agar Apple bu audioga mo‘ljallangan portni USB port bilan birlashtiradigan bo‘lsa, ko‘pchilik iPhone foydalanuvchilari analog adapterlarni topish yoki  Bluetooth texnologiyasi asosida audio tinglashga majbur bo‘lishini taqozo qiladi. Natijada, bu yilgi raqobatda Samsung’ning qo‘li baland kelishi mumkin.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!