Galaxy Watch 3 namoyish qilindi: ikki versiya, ishorali boshqaruv, EKG va pulsoksimetr...

  •   DiMaX
  •  799
  •  06.08.2020 17:39

Galaxy Watch 3 namoyish qilindi: ikki versiya, ishorali boshqaruv, EKG va pulsoksimetr...

Samsung kompaniyasi Galaxy Note 20 hamda Galaxy Note 20 Ultra smartfonlarini taqdim etgani haqida yozgandik. Onlayn rejimda o‘tgan Galaxy Unpacked marosimida janubiy koreyaliklar yana aqlli soatni ham namoyish qilishdi.

O‘QING: Galaxy Watch 3’ni ilk bor «jonli» videoda ishlatib ko‘rsatishdi!

Kompaniya 2018 yilgi original Galaxy Watch smart-soatidan so‘ng, unnig navbatdagi modelini Galaxy Watch 3 deb atagan. Nomlar ketma-ketligiga amal qilinmaganligining sababi – agar uni Galaxy Watch 2 deb nomlasa, Galaxy Watch Active 2 bilan chalkashtirishlari mumkin edi.

Shunday qilib, Galaxy Watch 3 ikki xil versiyada taqdim etildi:

  • 41 millimetrlik korpus, 1,2 dyuymlik displey va 247 mA/soatlik akkumulyatorli;
  • 45 millimetrlik korpus, 1,4 dyuymlik ekran va 340 mA/soatlik batareyali.

Har ikkala talqinida ham tasvir aniqligi 360x360 piksellik Super AMOLED displey qo‘llangan. Ekran yuzasiga Corning Gorilla Glass DX toblangan shishasi qoplangan va Full Color Always On Display funksiyasi joriy etilgan.

Galaxy Watch 3 smartvochlarining ikklasi ham Exynos 9110 protsessoriga, shuningdek, 1/8 gigabaytlik tezkor/doimiy xotiraga ega. Samsung ularni Tizen bazasidagi Wearable OS 5.5 operatsion tizimi hamda kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC chipi bilan ta’minlagan.

Aqlli soatlarning korpusi zanglamaydign po‘latdan qilingan va IP68 standartiga ko‘ra suvdn himoyalangan; tasmachalari esa charmdan ishlangan. Gadjet tuzilmasining o‘ziga xosliklaridan biri – vidjetlar, ilovalar va bildirishnomalarning biridan boshqasiga tezkor o‘tish uchun aylanuvchi mexanik gardishga ega ekanligidir. Shuningdek, soatni qo‘l ishoralari bilan boshqarishga ham yangicha yondashilgan. Qo‘ng‘iroqqa javob berish uchun qo‘lni musht qilib tugish, budilnikni to‘xtatish uchun esa siltash kerak.

Samsung Galaxy Watch 3 qondagi kislorod miqdorini va arterial qon bosimini o‘lchay oladi, unga EKG funksiyasi ham qo‘shilgan. Bundan tashqari, mazkur aksessuar uyqu sifatini hamda stress darajasini nazorat qilishga qodir. Egasi yiqilib tushsa, soat buni payqaydi va kontaktlarda oldindan belgilab qo‘yilgan yaqinlariga bildirishnoma yuboradi. Unda jismoniy mashqlar uchun 120 dan oshiq dasturlar ko‘zda tutilgan.

Kompaniya ushbu smart-soatlarini bugun – 6 avgustdan sotuvga chiqargan. Uning 41 millimetrlik korpusdagisi Mystic Bronze va Mystic Silver ranglarida bo‘lib, $400 (Bluetooth) va $450 (LTE) narxida sotilmoqda. Mystic Silver hamda Mystic Black.ranglaridagi, 45 millimetrlik korpusga ega Galaxy Watch 3 uchun esa $430 (Bluetooth) va $480 (LTE) miqdorida narx belgilangan.

Samsung sentyabrda uning Galaxy Watch Titanium versiyasini ham chiqarishga va’da bergan.

O‘QING: Mi Band 5 raqibini Samsung tayyorladi – Galaxy Fit 2 sertifikatsiyadan o‘tdi