Galaxy Z Flip 4 sifatli renderlarda ko'rsatildi

Galaxy Z Flip 4 sifatli renderlarda ko'rsatildi

Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi bir necha oylardan keyin o'zining buklanadigan smartfonlari qatorini yangilaydi va bunda biz Galaxy Z Fold va Galaxy Z Flip to'rtinchi avlodini ko'ramiz. Biroq, internetda hali taqdim qilinmagan buklamafonlarning sifatli renderlari allaqachon tarqatib yuborildi. Biz bir necha kun oldin Galaxy Z Fold 4 bilan ilk marta tanishgan bo'lsak, bugun uning "kichik ukasi" Galaxy Z Flip 4 dizayni va bir necha texnik xususiyatlari haqida bilib olamiz.

OnLeaks bilan hamkorlikda 91Mobiles orqali tarqatilgan norasmiy renderlardan ko'rish mumkinki, yangi Galaxy Z Flip 4 o'zining avvalgisi dizaynini deyarli to'liq saqlab qolgan: ikki xil rangli sxema, ikkilik orqa kameralar va ular yonida kichik qo'shimcha displey, ichkarida esa yuqori markazida selfi kamera tirqishi bilan 6.7 dyuymli ekran. Yagona sezilarli o'zgarish uning o'lchamlarida bo'lib, bu safargi Z Flip o'lchami 165.1 x 71.9 x 7.2 millimetrni tashkil qiladi. Taqqoshlash uchun, Galaxy Z Flip 3 166 x 72.2 x 6.9 mm o'lchamda edi.

Buklamafon tashqi ko'rinishi o'zgarmaganiga yarasha Samsung uning ichki texnik xususiyatlarini kuchaytirishi kerak bo'ladi. Yaqinda tarqatilgan mish-mishlarga ko'ra, Galaxy Z Flip 4 kutilganidan kattaroq batareyaga, 3700 mAh quvvat sig'imiga ega bo'lishi va u endi 15W emas, balki, 25W tezligida zaryadlanashi mumkinligi aytilgan edi. Shuningdek, Z Flip 4 hali taqdim qilinmagan Snapdragon 8 Gen 1 Plus chipseti bilan ta'minlanishi kutilmoqda.

Agar barchasi rejadagidek ketsa, Samsung o'zining yangi avlod buklamafonlarini avgust oyi oxirida taqdim qilishi mumkin.

O'QING: Galaxy Z Fold 4 sifatli renderlarda