Galaxy Z Flip 5G taqdim etildi: Snapdragon 865+ chipli ilk Samsung smartfoni! (+video)

  •   DiMaX
  •  1066
  •  23.07.2020 09:55

Galaxy Z Flip 5G taqdim etildi: Snapdragon 865+ chipli ilk Samsung smartfoni! (+video)

Samsung kompaniyasi joriy yilning fevralida »raskladushka» form-faktorli ilk smartfoni – Galaxy Z Flip modelini taqdim etgan edi. Kecha – 22 iyul kuni esa uning kuchaytirilgan versiyasi – Samsung Galaxy Z Flip 5G buklamafonini namoyish qildi.

O‘QING: Shokka tayyor turing: Galaxy Note 20’lar va Galaxy Fold 2 narxlari e’lon qilindi!

Kutilganidek, yangi modelning o‘sha ilk «raskladushka»dan farqi faqatgina protsessorida bo‘lib chiqdi. Tarkibiga Snapdragon X55 rusumli 5G-modem kiritilgan eng kuchli – Snapdragon 865+ chipsetini hisobga olmasak, bu o‘sha Galaxy Z Flip korpusidagi smartfonning o‘zidir.

Galaxy Z Flip 5G modelining boshqa texnik jihatlariga qisqacha to‘xtalsak, u 8/256 gigabaytlik tezkor/doimiy xotira bilan ta’minlangan. Ichki (asosiy) ekrani – diagonaliga 6,7 dyuymlik, Full HD+ formatidagi Dynamic AMOLED Infinity Flex displeyidir. Tashqi displeyi esa Super AMOLED matritsali bo‘lib, o‘lchami diagonaliga 1,1 dyuymlik, tasvir aniqligi esa 300x112 piksellik. Smartfonning akkumulyatori 3300 mA/soatlik; old kamerasi 10 megapiksellik yakka, bosh kamerasi esa 12 megapiksellik qo‘shaloq sensorlardan iborat.

O‘QING: Bor-yo‘g‘i 107 dollarga ulkan ekran va 6000 mA/soatlik akkumulyatorli smartfon chiqdi

Samsung yangi buklamafonini ikki xil – kulrng va bronza tusli korpuslarda taklif etadi. Galaxy Z Flip 5G savdosi AQShda 7 avgust kuni boshlanadi, narxi esa 1450 dollarga teng.

Quyida yangi smartfonning rasmiy videosini tomosha qilamiz:

Aytish kerakki, ushbu buklamafon Qualcomm kompaniyasi 8 iyul kuni taqdim etgan flagman – Snapdragon 865+ protsessoriga tayanuvchi ilk Samsung mahsulotidir. Umuman olganda, Galaxy Z Flip 5G modeli mazkur chipset borasida birinchilardandir.

Kechaning o‘zida mazkur «raskladushka»dan tashqari, ushbu chipset bazasidagi yana ikkita ilk smartfon taqdim etilgan. Bular – Asus kompaniyasining ROG Phone 3 hamda Lenovo kompaniyasining Lenovo Legion geymerofonlari bo‘lib, – AnTuTu servisiga ko‘ra jahonda eng zo‘r telefonlar bo‘lib turibdi. Ularning har biri haqida alohida xabar e’lon qilamiz, Terabayt.Uz’ni kuzatishda davom eting.

O‘QING: O‘ta arzon Galaxy M01s chiqdi: afsuski, Samsung ham Xiaomi’ga ergashibdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.