Galaxy Z Flip buklamafonining narxi haqida xushxabar bor!

  •   DiMaX
  •  12966
  •  17.01.2020 09:40

Galaxy Z Flip buklamafonining narxi haqida xushxabar bor!

Samsung kompaniyasining ilk buklamafoni Galaxy Fold bo‘lsa, ikkinchisi Samsung W20 5G deb nomlangan. Uning qayishqoq ekranli uchinchi smartfoni Galaxy Fold 2 deb atalishi kutilayotgandi, lekin yetakchi smartfonsoz Galaxy Z Flip nomini tanlagan.

O‘QING: 11 fevralda chiqayotgan Galaxy Z Flip smartfonini «jonli» rasmda ko‘ramiz

Internetga sizib chiqqan navbatdagi ma’lumot Samsung Galaxy Z Flip buklamafonning narxiga aloqador. Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalarining yozishlaricha, texnogigant mahalliy bozorda unga 1 million von miqdorida boshlang‘ich narx belgilagan. Bu esa taxminan 862 AQSh dollariga teng narx.

Ya’ni, o‘tgan yilgi Galaxy Fold modeli 2000 dollardan sotilayotganini hisobga olsak, yangi buklamafon uning yarim narxidan ham arzon chiqadi! Galaxy Z Flip’ning bevosita raqibi – «raskladushka» form-faktorli Motorola RAZR esa 1500 dollarga baholangan.

To‘g‘ri, 862 dollar – uning bazaviy konfiguratsiyadagi varianti uchun belgilangan narx. Uning eng ilg‘or konfiguratsiyadagisini esa Samsung birmuncha qimmat – 1,5 million von, ya’ni 1293 dollardan sotishni rejalashtirgan.

Galaxy Z Flip’ni bunchalik arzon sota olishi uchun janubiy koreyalik gigant unga o‘tgan yilgi Snapdragon 855 protsessorini o‘rnatgan. Uni 11 fevraldagi Galaxy Unpacked 2020 tadbirida, Galaxy S20 turkumidagi flagman smartfonlari bilan birga namoyish qilishadi.

O‘QING: VIDEO: Galaxy S20, S20+ va S20 Ultra o‘lchamini o‘zaro va boshqa flagmanlar bilan solishtiramiz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.