Galaxy Z Flip kutilganidan arzon narxda taqdim etildi! (+video)

  •   DiMaX
  •  4116
  •  12.02.2020 11:08

Galaxy Z Flip kutilganidan arzon narxda taqdim etildi! (+video)

Samsung kecha – 11 fevral kuni (bizning vaqtga ko‘ra – 12 fevralga o‘tar tunda) Galaxy Unpacked 2020 tadbirini o‘tkazdi. Marosim kompaniyaning yangi buklamafoni – Galaxy Z Flip taqdimoti bilan boshlandi.

O‘QING: Eng ommabop 10 smartfon (6-hafta)

O‘tgan yilgi Galaxy Fold modelidan farqli ravishda, Galaxy Z Flip belidan buklanuvchi «raskladushka» form-faktorida ishlangan. Yopilgan holatida u qizlarning pardoz anjomlarini eslatadi; shu boisdan uning aynan ayollar orasida kengroq ommalashuvini kutish mumkin. Korpusi ham ko‘zgusimon qilib ishlangan, ammo unda barmoq izlari qolsa kerak.

Smartfon korpusi o‘lchamlari buklangan holatida 73,6x87,4x17,3 millimetrga, yoyilgan shaklida esa – 73,6x167,3x7,2 millimetrga teng, vazni 183 grammni tashkil etadi. Namoyishda kompaniya ushbu innovatsion smartfonni «Galaxy Z turkumining ilk vakili» deya tanishtirganiga qaraganda, hali uning davomchilari ham bo‘ladi.

Galaxy Z Flip bosh kamerasi qo‘shaloq – 12 megapiksellik asosiy modul (aperturasi f/1.8) + yana 12 megapiksellik keng burchakli (123 darajada) ob’yektiv bilan birlashgan ikkinchi sensor (f/2.2 diafragmali). Smartfon korpusida, kameradan tashqari, 1,06 dyuymlik mitti displey ham bor – u bildirishnomalarni aks ettirishga mo‘ljallangan.

Buklamafonning asosiy ekrani esa 6,7 dyuymlik Infinity-O displey bo‘lib, tomonlari o‘zaro 22:9 nisbatda. E’tiborlisi – ushbu qayishqoq ekran endi plastikdan emas, balki maxsus shishadan ishlangan qoplamaga ega! Samsung vakili taqdimotda u haqda: «Siz shishani emas, balki fizika qonunlarini buklaysiz», deya dadil gapirgan.

Shuningdek, yangi buklamafonda sharnir ham yaxshilangan: unda konstruksiyani chang va kirdan himoyalovchi maxsus neylon tolalari qo‘llangan. Shu sababli ham smartfon Galaxy Fold kabi g‘ichirlamaydi.

Galaxy Z Flip korpusini turli burchaklar ostida bukib foydalanish mumkin. Masalan, 90 darajali burchak ostida (Flex Mode rejimida) stolga qo‘yib, asosiy yoki selfi-kamera orqali suratga yoxud videoga tushirsa bo‘ladi. Shu holida ekranning yarmida YouTube tomosha qilish, ikkinchi yarmida izohlar yozish qulay.

Samsung bu qurilmasini Snapdragon 855+ protsessori, 8 gigabaytlik tezkor va 256 gigabaytlik ichki xotira bilan ta’minlagan. Akkumulyatorining tok sig‘imi 3300 mA/soatlik bo‘lib, 15 vattlik tezkor hamda 9 vattlik simsiz quvvatlana oladi. Bundan tashqari, u boshqa devayslarga simsiz quvvat uzata oladi!

O‘QING: Galaxy S20 va iPhone 9 allaqachon sotuvda, sovg‘asiga – Galaxy Buds+ va AirPods!

Galaxy Z Flip’ning bizga ma’qul bo‘lmaydigan jihatlariga kelsak: bittagina SIM-karta bilan ishlaydi; quloqchin uchun 3,5 millimetrlik audiotirqish yo‘q, qo‘shimcha xotira kartasi qo‘yib bo‘lmaydi. Biroq unda Bluetooth 5.0 interfeysi, NFC moduli, One UI 2.0 grafik qobig‘i ostidagi Android 10 operatsion tizimi mavjud. Barmoq izi skaneri korpusning yon tomonidan o‘rin olgan.

Quyida Galaxy Z Flip’ning rasmiy videosini tomosha qilamiz:

Samsung ushbu innovatsion gadjetini 14 fevraldanoq qora va binafsharang korpuslarda sotuvga chiqaryapti, keyinroq uning tillarang korpuslisi ham chiqishini aytgan. Narxiga kelsak, u oldingi mish-mishlarda aytilganidan arzonroq – 1380 AQSh dollariga baholangan.

Kompaniya uning Thom Browne Edition versiyasini ham chiqaryapti, uning narxi aniq aytilmagan bo‘lsa-da, 2500 dollar bo‘lishi taxmin qilingan.

O‘QING: Bu smartfondan olsangiz, smart-soat, simsiz quloqchin va g‘ilof ham qo‘shib berishadi! (+video)