Galaxy Z Fold uchun yangi raqib taqdim qilindi

Galaxy Z Fold uchun yangi raqib taqdim qilindi

Xitoyning taniqli mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchi Vivo kompaniyasi o‘zining ilk buklanadigan Vivo X Fold smartfonini Xitoy bozori uchun sotuvga chiqarganini e’lon qildi. Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi Galaxy Z Fold 3 buklamafoni uchun jiddiy raqib bo‘la oladigan Vivo X Fold ichkarida 8.03 dyuymli, yopilganidan keyin tashqarisida 6.53 dyuymli displeyga ega.

Samsung singari, Vivo ham o‘z buklamafoni displeyi uchun Schott tomonidan ishlab chiqarilgan ultra yupqa shisha (UTG) qatlamidan foydalanadi, bu esa ekran chidamliligiga yordam beradi. Ma’lumotlariga ko‘ra, Vivo X Fold 300 000 buklanishga chidamli bo‘lib, bu Samsung Galaxy Z Fold 3 uchun da’vo qilingan 200 000 buklanishdan yuz mingga ko‘p.

Vivo X Fold Qualcomm'ning Snapdragon 8 Gen 1 protsessoridan quvvatlanadi va 4600 mAh sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lib, uni simsiz 50W quvvatda yoki kabel yordamida 66W quvvatda quvvatlantirish mumkin. Uning ikkala ekrani 120Hz gacha yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi va ularga ultratovushli barmoq izlari skaneri o‘rnatilgan.

Buklamafonning orqa tomonida to‘rtta kamera mavjud: 50 megapikselli asosiy kamera, 48 megapikselli ultra keng, 12 megapikselli telefoto va 8 megapikselli periskop. Ichki va tashqi ekranlar 16 megapikselli o‘lchamlari bilan teshilgan selfi kameralari bilan jihozlangan.

Vivo X Fold'ning narxi uning 12GB operativ xotira va 256GB xotirali modeli uchun 8 999 ¥ (taxminan 1 413 dollar)dan boshlanadi. Shuningdek, 512GB hajmli xotira varianti ham bor, u 9999 ¥ (taxminan 1570 dollar) ga sotiladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!