Galaxy'lar uchun One UI 5.0 sinovi boshlanmoqda

Galaxy'lar uchun One UI 5.0 sinovi boshlanmoqda

Google o'zining Android operatsion tizimi bu yilgi yangilanishi ustida juda aktiv ishlamoqda. Android 13 ning ilk prevyusi shu yilning fevral oyida chiqarilgan bo'lsa, hozirda u ommaviy betada sinalmoqda. Kompaniya yangilanishning barqaror versiyasini avgustda chiqarishni rejalashtirgan, bu esa o'tgan yilgi Android 12 ning oktabrda chiqarilishiga qaraganda ancha ertaroqdir.

Samsung ham Android yangilanishi bilan bir qatorda o'zining Galaxy smartfonlari uchun One UI qobig'ini yangilab boradi. Kompaniya o'tgan yili Android 12 chiqarilganidan bir oylarcha o'tib, o'zining One UI 4.0 yangilanishini tarqatishni boshlagan edi. Bu safargi Android 13 esa avvalgisiga qaraganda ertaroq kelar ekan, Samsung ham o'zining navbatdagi One UI 5.0 yangilanishini shunga qarab chiqaradi.

SamMobile nashrining eksklyuziv xabarlariga ko'ra, Samsung o'zining Galaxy'lari uchun One UI 5.0 ning ochiq beta versiyasining kelayotgan iyul oyining uchinchi haftasidan, ya'ni 18-iyuldan boshlab chiqaradi va bunda Galaxy S22 seriyasidagi smartfonlar uni eng birinchilardan bo'lib qabul qiladi. So'nggi versiyasidagi flagmanlardan keyin esa qamrov Galaxy Z Fold 3 va Galaxy Z Flip 3 buklamafonlari bilan kengaytirilishi mumkin.

One UI 5.0 qanday o'zgarishlarga ega bo'lishi hozircha noma'lum, lekin interfeysni personallashtirishda bir qancha yaxshilanishlar kutilmoqda. Barqaror versiyadagi One UI 5.0 tahminan sentabr yoki oktabrda chiqarilishi mumkin.

O'QING: Samsung yana bir Galaxy modelining 5G versiyasini taqdim etadi