Galereya: iPhone 8 ning ilk sifatli renderlari

Galereya: iPhone 8 ning ilk sifatli renderlari

Shu kunlarda dasturchilar HomePod proshivkasida noma’lum qurilma – katta ehtimol bilan, yangi iPhone’ning grafik tasvirini topishga muvaffaq bo‘ldi. Apple Insider’ning yozishicha, renderlar ham o‘zini ko‘p kuttirib qo‘ygani yo‘q va bugun biz iPhone 8 taxminan qanday ko‘rinishga ega bo‘lishiga nazar tashlashimiz mumkin.

WallpapersHome dizaynerlari yangi iPhone’ning qora, kumushrang va tillaranglardagi renderlarini tayyorladi. Unda qo‘shkameralar iPhone 7 dagi kabi eniga emas, balki bo‘yiga joylashganini, displeyda qariyb hoshiyalar yo‘qligini, Touch ID barmoq izi skaneri esa displeyga “qorishtirib” yuborilganini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, ekranning yuqori qismida ikki kamerani ko‘rish mumkin. Apple Insider’ning taxminicha, ulardan, katta ehtimol bilan, ko‘z pardasi skanerida foydalaniladi. Yuqori status paneli esa ikkita teng maydonga ajratilgan.

Dizaynerlarning qayd etishicha, renderlar shu kungacha sizib chiqqan ko‘plab, xususan, eng yangi ma’lumotlar asosida tayyorlangan. Shu sababli ham yangi iPhone 8 aynan suratlardagi kabi ko‘rinishga ega bo‘lishi ehtimoli juda katta, deb yozadi Apple Insider.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!