Gigantlarni Kongressda «jiz-biz qilishdi»!

Gigantlarni Kongressda «jiz-biz qilishdi»!

Chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan onlayn Kongress eshitishida AQShning eng yirik texnologiya kompaniyalari rahbarlari «haddan tashqari ko‘p qudrat»ga ega ekanligi, siyosiy nutqni senzura qilayotgani, yolg‘on xabarlar tarqatib, Amerika iqtisodiyoti asoslariga bolta urayotganligi ta’kidlandi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

Amazon rahbari Jeff Bezos, Apple rahbari Tim Kuk, Facebook rahbari Mark Zukerberg va Google'ning ona kompaniyasi Alphabet rahbari Sundar Pichailar Monopoliyaga qarshi kurash quyi qo‘mitasining sud bo‘limi palatasi a’zolari ishtirokida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan tarixiy eshitishda qatnashdi va ham demokrat, ham respublikachi siyosatchilarning shiddatli savollariga javob qaytarishlariga to‘g‘ri keldi.

Quyi qo‘mita bir yildan oshiq vaqtdan buyon ushbu kompaniyalarning onlayn olamdagi dominantligi borasida surishtiruv ishlarini olib bormoqda hamda shunga aloqador 1.3 million hujjat to‘plab, yuzlab soat miqdoridagi intervyular o‘tkazib kelmoqda. Eshitish boshlanishining ilk daqiqalaridanoq quyi qo‘mita raisi Devid Sitsillin jangovar ohangda so‘z boshlab, kompaniyalarni o‘zlari faoliyat yuritib kelayotgan sohalarda monopollikda va raqobatni yo‘qqa chiqarishda aybladi. Texnogigantlar ustidan qilingan shikoyatlar turlicha bo‘ldi, ammo umumiy ayblovlar ularning o‘z dominant pozitsiyasidan foydalanib, raqiblarni chetga chiqargani va kompaniyalar xizmatiga tayanuvchi bizneslardan haddan tashqari ko‘p haq talab qilganligi borasidagi ayblovlar bo‘ldi.

«Ajdodlarimiz qirol oldida ham bosh egamasdi, — dedi rod-aylendlik demokrat. — Biz ham onlayn iqtisod imperatorlari oldida bosh egmasligimiz kerak». Respublikachilar esa eshitish davomida mavzuni monopoliyadan konservatorlarga qarshi tarafkashlik borasidagi da’volarga burib, platformalarni konservatorlar ovozini o‘chirib qo‘yish hamda Donald Trampning 2016 yilgi saylovlardagi g‘alabasini barbod qilishga urinishda aybladi.

Google va Facebook o‘zlarining biznes amaliyotlari borasida o‘ta og‘ir savollarga yuz tutdi. Savollar berishni Sitsillin boshlab berdi va Google'ning kichik bizneslarni sotib olib, o‘z tarkibiga qo‘shib olgani borasidagi da’volarni o‘rtaga tashladi. Kompaniya Bosh ijrochi direktori Pichai janob Sitsillinning Google Yelp'ga joylashtirilgan sharhlarni ko‘chirib olib, o‘z sahifasiga joylaganligi borasidagi savoliga javob berishda qiynaldi. Yelp Google'dan ushbu harakatini to‘xtatishni so‘raganida, Google Yelp'ni qidiruvlar natijasidan butunlay olib tashlash bilan qo‘rqitgani aytildi. Sitsillin bunday xatti-harakatni internetdagi boshqa kompaniyalar uchun «iqtisodiy talafotli», deb atadi. «Dalillardan aniq ko‘rinib turibdiki, Google internetga «darvoza» bo‘lib qolishi bilanoq o‘z qudratini suiiste’mol qila boshlagan», dedi Sitsillin.

Facebook'dan esa 2012 yilda Instagram'ni sotib olgani borasida qayta-qayta savollar so‘raldi. Kongress vakili Jerri Nadler Facebook Instagram'ni raqobatni yo‘q qilish uchun sotib olganidan darak beruvchi ichki hujjatlarga havola keltirdi va kompaniyaning bu harakatini antimonopol qonunlarga qarshi, deb atadi.

Zukerberg esa xariddan maqsad tez o‘sib borgan Instagram'ga o‘z infratuzilmasini qurish va tarmoqning xavfsiz bo‘lishiga yordam berish bo‘lganini ta’kidladi. Zukerberg va Pichai respublikachilar zarbasiga uchradi. Ular bu ikki kompaniyani konservatorlarga qarshi tarafkashlikda qayta-qayta ayblashdi. Respublikachilar vakili Jim Sensenbrenner Zukerbergdan nima uchun konservatorlar Facebook'da «senzura qilinishi» haqida so‘radi va Kichik Donald Tramp [Доналд Трампнинг ўғли] noto‘g‘ri ma’lumotli videoni platformaga joylagani uchun tarmoqda bloklab qo‘yilganini aytdi. Zukerberg bunga javoban ushbu voqea Facebook bilan emas, balki Twitter bilan sodir bo‘lganini tushuntirdi.

Bezosga esa uncha ko‘p savol berilmadi, chunki uning qurilmasida texnik muammolar yuzaga keldi va video sifati o‘ta past edi. Demokrat Pramila Jayapal Bezosni so‘roqqa olib, kompaniya savdo borasidagi qarorlarni amalga oshirishda uchinchi tomon sotuvchilar ma’lumotlaridan foydalanadimi-yo‘qmi, shunga oydinlik kiritmoqchi bo‘ldi. Bundan oldingi ehsitishda Bezos ont ichib, kompaniya bunday qilmasligini aytgandi, ammo keyinroq berilgan xabarda uning aytganlari yolg‘on ekanligi ta’kidlangandi.

Dunyoning eng boy odami bo‘lgan Bezos o‘z nutqi avvalida o‘z hayotiy hikoyasini so‘zlab berdi va u dunyoga kelganida onasi 17 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘lgani, tutingan otasi esa kubalik immigrant ekanligini so‘zladi. Bezos, shuningdek, «Amazon muvaffaqiyati taqdirga oldindan bitib qo‘yilgan»ini aytdi hamda oxirgi o‘n yil ichida kompaniya AQSh iqtisodiyotiga 270 milliard sarmoya kiritgani va yuz minglab ish o‘rinlari yaratganini eslatib o‘tdi.

Zukerberg ham Facebook hozirgi darjasiga amerikacha yo‘l tutib erishganini bildirdi:

«Biz noldan boshlaganmiz va odamlarni yaxshiroq mahsulotlar bilan ta’minlab kelyapmiz. Tushunishimcha, qonunlarimizga ko‘ra, biror bir kompaniya shunchaki yirik bo‘lgani uchun yomon otliq bo‘lib qolmaydi. Kurasha olmagan ko‘plab yirik kompaniyalar barbod bo‘ladi», dedi u.

Apple rahbari Kuk ham Jorjiya shtati vakili Xank Jonson tomonidan so‘roqqa tutildi. Jonson Apple o‘z ilovalarini App Store'ga joylayotgan dasturchilarga ilovalarni ko‘rib chiqish jarayoni haqida ma’lumot berilmasligidan norozi ekanligini bildirdi. «Qoidalarni ishlab chiqasiz va ular istalgan payt o‘zgarishi mumkin. Apple dasturchilardan bu o‘zgarishlarga ko‘nikishni yoki App Store'ni tark etishni talab qiladi. Bu juda katta kuch», dedi u.

Kuk App Store monopol emasligini bildirib, aksariyat dasturchilardan hech qanday to‘lov olinmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, App Store'dagi ilovalarning 84% idan Apple hech qanday haq olmaydi va komissiya olinuvchi ilovalar to‘laydigan foiz miqdori esa 2008 yildan beri o‘zgarmagan.

Ham respublikachilar, ham demorkatlar yirik texnokompaniyalar qudratini tanqid ostiga oldi.

O‘QING: PUBG Mobile, AliExpress va yana uch yuzta xitoycha ilova xavf ostida!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.