Gologramma, QR-kodli «Infoland» va ilk bor tashkil etilgan Bosh vazir qabulxonasi

  •   DiMaX
  •  809
  •  18.05.2019 14:53

Gologramma, QR-kodli «Infoland» va ilk bor tashkil etilgan Bosh vazir qabulxonasi

Ilgari Andijon tuman davlat xizmatlari markazi talabga javob bermaydigan binoda ish yuritayotgan edi. Yangi bunyod etilgan maskan zamon talablariga mos ravishda qad rostladi, deb yozadi Davlat xizmatlari agentligi.

O‘QING: Davlat xizmatlari agentligi innovatsiyalari – «Tashkent Law Spring»da!

Andijon tuman Davlat xizmatlari markazi (DXM) maydoni 2600 kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda 137 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Kelgusida bu ko‘rsatkich bir necha barobar ortishi ko‘zda tutilmoqda, deyiladi xabarda.

E’tiborli jihati – DXMda eng so‘nggi innovatsiyalar yo‘lga qo‘yilgan. Gologramma yordamida markaz faoliyati haqida to‘liq ma’lumot olish mumkin. QR-kodli «Infoland» ko‘rsatiladigan xizmat turi, uning talablari, pulli yoki bepul ekanligini ko‘rsatadi.

Bu yerda notarius xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. FXDYo, Xalq qabulxonasi, soliq maslahatchisidan zarur ma’lumotlarni ham shu yerda olish mumkin. DXMda Wi-Fi internet tarmog‘i ishlamoqda. Kutubxonada 2 000 ta huquqiy va badiiy adabiyot, 15 000 dan ziyod elektron adabiyot bor. Bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi mavjud.

O‘QING: Endi davlat xizmatlaridan telefon orqali ham bahramand bo‘lasiz!

Davlatimiz rahbarining «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan, markazda Bosh vazir qabulxonasi tashkil qilindi.

Endilikda, muammo va takliflar bilan kelgan tadbirkorlar qulay sharoitlarga ega bo‘lgan Davlat xizmatlari markazlarida tegishli davlat organlari vakillari ishtirokida qabul qilinadilar. Murojaatni joyida hal qilinishiga e’tibor beriladi, joyida hal qilish imkoniyati bo‘lmaganlari vakolatli idoraga nazoratga olingan holda yuboriladi. Vakolatli organlarning birinchi rahbarlari qabulxona topshirig‘ini ko‘rib chiqib, natijalari va qabul qilingan qarorlar to‘g‘risida 7 kun muddatda qabulxonaga yozma ravishda axborot beradilar.

O‘QING: QR-kod orqali Davlat xizmatlari haqida ma’lumot olasiz!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.