Google 2017 yilda uchar mashinani sotuvga chiqaradi

Google 2017 yilda uchar mashinani sotuvga chiqaradi

Avtomobilsozlikda yangilik yaratishga urinayotgan axborot texnologiyalari kompaniyalari qatorida Google ham millionlab mablag‘larni “aqlli”, hattoki uchar mashina yaratishga tikkan. Jahonning yirik Alphabet Inc., korporatsiyasining bu “erka” farzandiga qarashli Kitty Hawk startapiga tegishli videoda kichik samolyotni eslatib yuboradigan uchar mashina prototipini ko‘rish mumkin.

Startap tashkilotchilarining ma’lum qilishlaricha, Federal aviatsiya boshqaruvi bu mashinaga favqulodda holatlar ro‘y bergan va borish xavfli hududlarga uchib borish huquqini bergan. Shuningdek, undan foydalangan odamda uchuvchilik guvohnomasining bo‘lishi ham talab etilmaydi. Bu mashina 2017 yilning so‘ngida sotuvga chiqadi. Google’ning asoschilaridan biri Lari Peyjning ma’lum qilishicha, uchar mashina uchun kompaniya 100 million AQSh dollari sarflagan. Demak, uning narxi ham shunga yarasha bo‘ladi.

Shuningdek, ayni paytda AQShdagi “Kremniy vodiysi”da joylashgan Zee.aero startapidagi 150 nafar muhandis va dasturchilar ham uchar mashina yaratish bo‘yicha izlanishlar olib bormoqdalar. 100 million dollardan oshiq mablag‘ sarflangan mazkur loyiha doirasida yaratilayotgan kichik hajmli avtomobil elektrdan quvvat oladi.

Mutaxassislarning fikricha, uchar mashina konsepsiyasi shakllangan va uni hayotga tatbiq etish texnik jihatga emas, ko‘proq huquqiy asosga bog‘liq. Ya’ni, mashina yaratuvchilarining asosiy muammosi kelajakda hukumatlardan undan foydalanish uchun ruxsat olishga sarf qilinadi.

Mana bu videoda Google yaratayotgan uchar mashinani tomosha qiling:

 

 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!