Google Allo’da endi o‘z suratlaringizdan stikerlar yasashingiz mumkin

  •   DiMaX
  •  1719
  •  15.05.2017 11:41

Google Allo’da endi o‘z suratlaringizdan stikerlar yasashingiz mumkin

Google Allo – hozircha eng ommabop messenjer emas, ammo uni eng kulgili qilish imkoni sizning qo‘lingizda.

Stikerlar – biror mavzuda maxsus yasalgan smayliklar to‘plami bo‘lib, ulardan messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda biror hissiyotni ifodalash uchun foydalaniladi. Har turli vaziyatlarga moslangan tayyor stikerlarning ko‘plab to‘plamlari mavjud. Masalan, O‘zbekiston Mehnat vazirligi ham Telegram messenjerida o‘z stikerlarini yaratgan.

Google Allo ishlab chiquvchilari foydalanuvchilarga o‘z selfilari asosida stikerlar yaratish imkonini taqdim etishga qaror qilganligi xususida avval xabar bergandik. Endi shu loyiha amalga oshirildi.

Mazkur ilovada selfidan stiker yaratish uchun, suratga olayotganda ko‘zlaringizni ekranda ko‘rinadigan dumaloq ko‘zoynak shaklidagi markerga to‘g‘rilashingiz lozim. Ilova rasmda yuzning o‘ziga xos jihatlarini tanib oladi va keyin ularni antiqa karikatura tarzida qayta ishlab beradi. So‘ng esa shuning asosida sizga tayyor stikerlar to‘plamini taklif qiladi. Ularni Google Allo dasturida muloqot chog‘ida ishlatish mumkin bo‘ladi.

Agarda kompyuter algoritmlarining natijasida yaratilgan tayyor stiker sizni qoniqtirmasa, u holda boshqaruvni o‘z qo‘lingizga olishingiz, ya’ni stikerni o‘zingiz yasashingiz ham mumkin. Dasturda buning uchun maxsus grafik muharrir ham mavjud – unda tasvirdagi yuzingizning istalgan qismini o‘zgartirishingiz imkoni bor.

Google Allo’ning yangi versiyasi tez orada Google Play ilovalar katalogida paydo bo‘ladi. Lekin, agarda kutishni xohlamasangiz, uning o‘rnatiluvchi faylini mana bu havola orqali ko‘chirib olishingiz ham mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Instagram’da ham selfidan stiker yasash imkoniyati taqdim etilgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!