Google barcha Android-smartfonlarga yangi funksiya qo‘shyapti! (+video)

  •   DiMaX
  •  2022
  •  29.10.2020 15:02

Google barcha Android-smartfonlarga yangi funksiya qo‘shyapti! (+video)

Qidiruv giganti o‘z operatsion tizimi uchun ilovalar do‘koni – Google Play katalogini takomillashtirishda davom etmoqda. Unga yangi qo‘shilayotgan eksperimental opsiya esa ilovalarni o‘rnatishdan avval boshqa turdoshlari bilan taqqoslab ko‘rish imkonini beradi.

O‘QING: iPhone hamda Android-smartfonlardagi eng ommabop o‘nta ilova (2020 yil sentyabr)

Google Play ilovasining hozir sinov bosqichida bo‘lgan 22.4.28 raqamli jamlanmasida testerlar yangi bandga duch kelishdi. Ilovalar do‘konidagi tavsiyalar ro‘yxatining eng oxirida joylashgan bu bo‘lim Compare apps («Ilovalarni taqqoslash») deb nomlangan.

Android Police nashriga ko‘ra, mazkur funksiya hozircha faqat bir nechta ommabop mediapleyerlar uchun ishlamoqda. Buni GIF-surat formatiga o‘tkazilgan quyidagi videoda ko‘ramiz:

Ko‘rib turganingizdek, tegishli tugmachani bosganda ekranda qiyoslash jadvali chiqadi: unda shu turdagi ilovalarning turli jihatlari solishtirib aks ettiriladi. Xususan, pleyerlar taqqosida ularning ishlatishdagi qulayligi va ayrim funksiyalarni qo‘llab-quvvatlashi (avtonom ijro etish va striming imkoniyati, qo‘llanuvchi formatlar ro‘yxati) o‘zaro qiyoslangan.

Mazkur funksiya Google Play do‘konining barqaror talqiniga qachon to‘liq taqdim etilishi hozircha noma’lum, har ehtimolga qarshi yangilanishlarni tekshirib turing va Terabayt.uz’ni kuzatishda davom eting.

O‘QING: Ekspertlar: «Ushbu 21 ta ommabop o‘yinni smartfondan tezda o‘chirib qutuling!»

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!