Google bugun «voyaga yetdi», yana 4 sentyabr – qattiq disk va protsessorning ham «tug‘ilgan kuni»!

  •   DiMaX
  •  573
  •  04.09.2019 14:07

Google bugun «voyaga yetdi», yana 4 sentyabr – qattiq disk va protsessorning ham «tug‘ilgan kuni»!

Qidiruv giganti bugun 21 yoshga to‘ldi, bu esa AQShda voyaga yetganlik ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shuningdek, qattiq disklar hamda yakka kristalli protsessorlar tarixida ham 4 sentyabr muhim sanadir.

O‘QING: O‘zbekiston hatto Google, Yandeks, AliExpress va Netflix’ga ham soliq solmoqchi!

1998 yilning 4 sentyabrida Google korporatsiyasi rasman ro‘yxatga olingan.

Aslida bo‘lajak qidiruv gigantni undan ham ikki yil avval faoliyat boshlagan, biroq 1996 yili u hali shunchaki ikki nafar talabaning tadqiqot loyihasi edi. Stenford universitetida o‘qiyotgan Sergey Brin hamda Larri Peyj birgalikda internetda qidiruvga ixtisoslashgan PageRank algoritmini ishlab chiqishgan.

Google’ning birinchi varianti shunaqa ko‘rinishda bo‘lgan

Sizlarga sevimli Terabayt.uz saytida ushbu kompaniyaga aloqador ko‘plab maqola va xabarlar e’lon qilingan.

O‘QING: Google haqida siz bilmagan qiziqarli faktlar

1956 yilning 4 sentyabrida IBM kompaniyasi kompyuterlar uchun birinchi qattiq diskni chiqargan.

Aniqrog‘i, HDD prototiplari undan oldin ham bo‘lgan, biroq ular olimlar uchun olimlar tomonidan yaratilgan va ochiq savdoga chiqarilmagan. IBM 350 hamda IBM 355 rusumli qattiq disklar esa IBM 305 RAMAC (Random Access Method of Accounting and Control) tizimi tarkibida ijaraga berilgan. Ijara haqi esa... oyiga 3200 dollar edi!

Bu – sportlotto mashinasi yoki isitgich emas, balki birinchi qattiq disk

Xuddi shunday narx evaziga magnitli xotira diski ham sotilgan, uning hajmi 4,4 MB (to‘g‘ri o‘qidingiz: gigabayt emas – megabayt!) bo‘lgan; bu esa hozirda MP3 formatidagi qo‘shiq faylining yarmigina sig‘adigan hajmdir. Biroq 1950-yillarda qattiq disklar oddiy foydalanuvchilar tomonidan ko‘ngilxushlik uchun emas, balki yirik kompaniyalar tomonidan jiddiy maqsadlarda qo‘llanilgan. IBM taqdim etgan 305 RAMAC tizimining birinchi buyurtmachilari qatorida AQSh Harbiy dengiz kuchlari hamda Chrysler avtomobil konserni ham bo‘lgan.

IBM kompaniyasiga aloqador xabarlarimiz ro‘yxatiga mana bu havola orqali o‘tishingiz mumkin.

O‘QING: IT faktlar: siz bularni bilasizmi?

1973 yilning 4 sentyabr sanasida muhandis Gari Bun yakka kristalli protsessor uchun patent olgan.

Shu tariqa, hozirgi ko‘rinishdagi protsessor ixtirosi uchun birinchilikni ikkita kompaniya o‘zaro bo‘lishib olishgan. Ulardan biri Bun ishlayotgan Texas Instruments bo‘lsa, ikkinchisi hozir ham yetakchi chipsozlardan sanalmish Intel edi. Bu kompaniya ham o‘sha yillari mustaqil tarzda Intel 4004 rusumli yakka kristalli mikroprotsessorini yaratgan.

Ilk yakka kristalli protsessor

Gari Bun patentlab, u ishlayotgan kompaniya tomonidan yaratilgan ilk chipset Texas Instruments TMS 1000 bo‘lib, ungacha protsessorlar alohida-alohida ishlovchi mikrosxemadan iborat bo‘lgan edi. Ushbu kompaniya birinchi bo‘lib protsessorni va uning kesh-xotirasini yaxlit integral sxemaga joylagan.

Protsessorlarga aloqador xabar va maqolalarimizga qiziqsangiz, ushbu hamda mana bu havolalar orqali ularni ko‘rib chiqishingiz mumkin.

O‘QING: O‘rta narxli smartfonlarga qanday protsessorlar o‘rnatiladi?