Google Chrome uchun eng kerakli kengaytmalar

  •   DiMaX
  •  1939
  •  07.02.2017 16:23

Google Chrome uchun eng kerakli kengaytmalar

Har qanday brauzerning qo‘shimcha o‘rnatiladigan ilovalari – turli funksiyalarga ega kengaytmalari mavjud. Jumladan, Google Chrome brauzerida ham. Lifehacker sayti o‘z versiyasiga ko‘ra mazkur kengaytmalar orasida eng keraklilarini e’lon qilgan.

Agar bu brauzerdan foydalanish bo‘yicha tajribangiz kam bo‘lsa, u holda quyidagi ro‘yxat aynan sizga atalgan. Tajribali foydalanuvchilar uchun ham qiziqarli narsalar bor bu yerda…

Checker Plus for Gmail™

Aksariyat hollarda ish unumdorligini oshirish maqsadida, elektron pochtani tekshirishga imkon qadar kam vaqt ajratishni tavsiya etishadi. Checker Plus for Gmail kengaytmasi aynan mana shu maslahatni amalga oshirishda sizga ko‘makchi bo‘ladi. Uning yordami bilan siz yangi xat kelganidan shu ondayoq xabardor bo‘lishingiz mumkin. Yana kelgan maktubni ham shu kengaytma oynachasining o‘zidayoq ko‘rib chiqishingiz yoki o‘chirib yuborishingiz imkoniyati mavjud. Natijada, Gmail asosiy interfeysini biror marta ham ochib ko‘rmasdan, bemalol boshqa ishlaringizni qila olasiz.

Downloads

Garchi Google Chrome eng keng tarqalgan va tezkor brauzerlardan biri bo‘lsa-da, unda internetdan fayllarni ko‘chirib olish masalasi maqtanishga arzirli emas. Biroq buning ham chorasi bor – Downloads kengaytmasi mazkur muammoni bartaraf etishda juda qo‘l keladi. U brauzerga xuddi Firefox va Opera’dagi kabi ko‘chirmalar panelini qo‘shib qo‘yadi. Qalqib chiquvchi kichkinagina oynachada siz joriy ko‘chirib olish topshiriqlarining kechish jarayonini kuzatishingiz, yuklab olingan fayllarni ochish yoki o‘chirib tashlashingiz, hattoki biror faylni ko‘chirish uzilib qolsa, topshiriqni takrorlashingiz ham mumkin.

LastPass: Free Password Manager

Eng ommabop va qulay parollar menedjeri uchun kengaytma. LastPass’ni bir marta ishlatib ko‘rgan kishi hech qachon uning xizmatlaridan voz kechmaydi. U sizning barcha onlayn parollaringizni ishonchli tarzda himoya qiladi va tegishli saytlarga kirayotganingizda, kerakli parolni taqdim etadi. Siz esa bittagina asosiy parolni eslab qolsangiz kifoya.

Modern New Tab Page

Chrome brauzerining tashqi ko‘rinishini o‘zgartiruvchi va yangi varaqalar bilan bog‘liq turli imkoniyatlarni taqdim etuvchi kengaytmalar bisyor. Ammo ular orasida chiroyli tashqi ko‘rinishga va yaxshi funksiyalariga ega bo‘lgan Modern New Tab Page kengaytmasining o‘rni bo‘lakcha. Ayniqsa, siz Windows’ning plitkasimon interfeysga ega zamonaviy versiyasidan foydalanayotgan bo‘lsangiz, bu kengaytma brauzeringizga xuddi uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashadi.

Pushbullet

Agarda Android yoki iOS tizimli qurilmangiz mavjud bo‘lsa, u holda albatta Google Chrome uchun ishlab chiqilgan Pushbullet kengaytmasidan foydalanib ko‘ring. Uning yordami bilan siz bittagina chertish orqali havolalar, matnlar va fayllarni mobil qurilmangizga yuborishingiz mumkin. Tag‘in u orqali SMS-xabarlar jo‘natish va o‘qish, do‘stlar bilan chat tashkil etish imkoni ham bor.

Save to Pocket

Pocket servisi hozirda ancha ommalashgan bo‘lib, ochilgan internet-sahifani keyinchalik o‘qish uchun saqlab qo‘yishga mo‘ljallangan. Ayrim saytlarga bu servisning tugmachalari joylangan, ammo ko‘pchilik saytlarda unaqa emas. Bu holda sizga ushbu servisning maxsus Save to Pocket kengaytmasi yordamga keladi.

SimpleExtManager

Google Chrome uchun minglab turli-tuman kengaytmalar ishlab chiqilgan, balki o‘zingiz ham brauzeringizga ulardan bir nechtasini o‘rnatib olgandirsiz.  Lekin yodda tuting: brauzerga o‘rnatilgan kengaytmalar juda ko‘p bo‘lsa, uning ishlashini sekinlashtiradi. Shuning uchun ham SimpleExtManager’ni o‘rnatib olishni tavsiya etamiz, u «kengaytmalarni boshqarish uchun kengaytma» hisoblanadi. Ya’ni, u sizga ayni damda kerak bo‘ladigan kengaytmalarnigina yoqib qo‘yib, qolganlarini o‘chirib turishda qo‘l keladi.

uBlock Origin

Reklamalarni cheklovchi kengaytmalar barcha brauzerlarda ham hamisha eng zarurlaridan hisoblanadi. Google Chrome uchun esa biz uBlock Origin kengaytmasini tavsiya etamiz. Aslida u nisbatan yaqinda paydo bo‘lgan, biroq tizim resurslarini kam talab etishi hamda a’lo darajada ishlashi bilan qolgan vazifadoshlarini siqib chiqarishga erishyapti.

XTranslate

Tezkor zamonda chet tillarini o‘rganish uchun vaqt ajratish mushkul, ammo bizni qiziqtiruvchi ko‘p axborot manbalari asosan ingliz tilidagi saylarda bo‘ladi. Bunda XTranslate kengaytmasi madadkor bo‘ladi – u notanish  so‘zlar, gaplar va hatto butun boshli sahifadagi matnni bir zumdayoq o‘girib, sizga taqdim etadi. Shunchaki, kerakli matnni sichqoncha yordamida belgilab olsangiz bas – o‘sha ondayoq Google, Yandeks yoki Bing tarjimasidagi ruscha matnni qo‘shimcha oynada ko‘rsatadi. To‘g‘ri, bu servislar o‘zbekchaga o‘girib bera olmasligi mumkin, lekin, har holda, ruschani inglizchadan ko‘ra yaxshiroq tushunamiz-ku.

Kontekstli qidiruv

Chrome brauzerining o‘zida ham matnni izlash imkoniyati mavjud, ammo u kerakli matnni internetdan faqat Google orqaligina izlaydi. Bu kengaytma  bilan esa siz matnni izlash uchun istalgan qidiruv tizimi xizmatidan foydalana olasiz. Bir martagina – sozlash uchun sal vaqt ajratsangiz bas, keyin sichqoncha bilan bittagina bosish orqali istalgan surat, film, musiqa, kitob yoki boshqa ma’lumotlarni turli qidiruvchilar yordamida izlab topishingiz mumkin bo‘ladi.

 Xo‘sh, siz bu ro‘yxatga yana qaysi kengaytmalarni kiritgan bo‘lar edingiz?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!