Google Chrome’ning yashirin imkoniyatlarini birinchilar qatorida sinab ko‘rish osonlashdi!

  •   DiMaX
  •  2161
  •  21.12.2020 14:25

Google Chrome’ning yashirin imkoniyatlarini birinchilar qatorida sinab ko‘rish osonlashdi!

Qidiruv giganti o‘zining turli ilovalari va servislarida yangi funksiyalarni joriy etishdan oldin ularni uzoq vat sinovdan o‘tkazadi. Biroq hali ommaviy taqdim etilmagan shunday yangi opsiyalarning ayrimlarini oddiy foydalanuvchilar ham sinab ko‘rishlari mumkin.

O‘QING: Arzon smartfonlar egalariga Google’dan xushxabar bor (+video)

Shu jumladan, dunyoda eng keng tarqalgan brauzer – Chrome dasturida ham yashirin imkoniyatlarni sinab ko‘rish mumkin. Buning uchun uning manzil qatoriga chrome://flags yozuvini kiritish, so‘ng esa kerakli buyruqlarni faollashtirish lozim bo‘ladi. Lekin foydalanuvchilarning hammasi ham u yerdagi yuzlab nomlarning qay biri nimani anglatishini bilmaydi. Shuningdek, u yerda aks etgan funksiyalardan qaysi biri yangiyu qaysinisi avvaldan mavjud ekanini ham bilib bo‘lmaydi.

Google kompaniyasi endi Chrome dasturiga «Chrome Labs» nomli yangi opsiya qo‘shdi – uning yordamida brauzerning yashirin imkoniyatlarini sinab ko‘rish ancha osonlashgan. Ushbu «laboratoriya» dasturning faqat yangi – eksperimental sozlamalariga kirish imkonini beradi.

Hozir «Chrome Labs» opsiyasi so‘nggi Chrome Canary talqinidagi barcha foydalanuvchilarga taqdim etilgan, uni faollashtirish uchun quyidagi qadamlarni amalga oshirasiz:

  1. Brauzerning eng so‘nggi Chrome Canary (89.0.4353.0) versiyasi o‘rnatilganligiga ishonch hosil qiling.
  2. Manzil qatoriga chrome://flags yozuvini kiritib (yoki shu yerdan nusxalab olib tashlab), «Enter»ni bosing.
  3. Izlash maydonchasi orqali «Chrome Labs»ni topib, tegishli sozlamani faollashtiring.

Shundan so‘ng brauzerning o‘zini bir o‘chirib-yoqasiz; agar hammasi to‘g‘ri bajarilgan bo‘lsa, dasturning manzil qatorida kolba belgichasi paydo bo‘ladi. Istalgan paytda uni bosish orqali brauzerning tajribaviy funksiyalariga o‘tishingiz mumkin.

«Chrome Labs» opsiyasining barqaror versiyadagi Chrome dasturiga qachon taqdim etilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Biroq ushbu brauzerning «nafsini jilovlash», jonga teguvchi bildirishnomalarni butkul o‘chirib qo‘yish, ishlash tezligini oshirish, hattoki 10 karra tezroq ishlashga majbur qilish mumkin.

O‘QING: iPhone va Android-smartfonlar uchun eng zo‘r brauzerlar («Roskachestvo» reytingi)

 

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!