Google havaskor dasturchilarga mo‘ljallangan servisining ham «janozasini o‘qiyapti»

  •   DiMaX
  •  809
  •  30.01.2020 11:13

Google havaskor dasturchilarga mo‘ljallangan servisining ham «janozasini o‘qiyapti»

Qidiruv gigantining muvaffaqiyatli chiqmagan, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan hamda «tug‘ilmasdan bo‘g‘ilgan» mahsulotlarini aks ettiruvchi Killed By Google sayti mavjud. Unga «dafn etilgan» bir qator servislar, ilovalar va gadjetlar haqida bir qator xabarlar e’lon qilganmiz.

O‘QING: Google mahsulotlarining haqiqiy qabristoni ochildi – qabrtoshlari ham bor!

Kuni kecha Google o‘zining yana bir servisini yopish rejasini e’lon qildi. Gap ilovalar konstruktori – 2016 yili taqdim etilgan App Maker haqida ketmoqda.

Google App Maker servisi dasturlash bo‘yicha malakaga ega bo‘lmagan havaskorlarga ham osongina ilova yasash imkonini beradi. 2016 yili beta-versiyada chiqqan bu mahsulotning to‘laqonli relizi 2018 yilda bo‘lib o‘tgan. Ammo shu kungacha u yetarlicha ommalashmagan va shu boisdan kompaniya uni «Google qabristoni»ga jo‘natmoqda.

Shunday qilib, joriy yilning 15 aprelidan foydalanuvchilar uchun App Maker’da yangi ilova yaratish imkoni to‘xtatiladi. Biroq ular hali unda avvalroq yasagan dasturlarini tahrirlashlari va foydalanishga joriy etishlari mumkin bo‘ladi. 2021 yilning 19 aprelidan esa App Maker butkul to‘xtatiladi: undagi ilovalar ishlamay qoladi, foydalanuvchilar unga kira olishmaydi.

O‘QING: 2019 yili «rahmatli» bo‘lgan sakkizta texnologiya (+video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!