Google innovatsion “Android O” tizimini e’lon qiladi

Google innovatsion “Android O” tizimini e’lon qiladi

Android’ning yangi, hozircha qisqartirib “O” deya nomlangan yangi operatsion tizimning sinov talqini rasmiy veb-saytda Nexus 5X, Nexus 6P, Nexus Player, Google Pixel, Pixel XL va Pixel C smartfonlari uchun ochiq deb e’lon qilindi.

Yangi tizim avvalgilaridan qator afzalliklari bilan ajralib turadi:

Jumladan, uning eng ilg‘or jihati sifatida akkumulyator quvvatini tejab ishlatishga moslashganini aytish mumkin. Shuningdek, foydalanuvchi bosh ekran fonlarini boshqarishi, ilovalarning ko‘rinmas vazifalarini cheklash orqali quvvatning yanada uzoqqa yetishini ta’minlashi mumkin bo‘ladi.

Android O’da endi ogohlantirishlarni ham maxsus guruhlarga bo‘lish mumkin. Foydalanuvchi o‘zi olishni istagan ogohlantirishlarni mustaqil belgilashi mumkin bo‘ladi.

Google yangi tizimda smartfonning ovoz tizimini takomillashtirish ustida ham bosh qotirmoqda. Jumladan, Bluetootn-naushniklar, shuningdek Sony LDAC kabi ovozni shifrlaydigan qurilmalarga mo‘ljallangan audio texnologiyani ham rivojlantirmoqda.

Android O operatsion tizimida dastur ishlab chiqaruvchilar ilovalarning smartfonning rangli temasi va bosh menyu dizayniga moslashuvchan ramz(ikonka)larini ishlab chiqishlari mumkin.

Shu bilan birga, yangi tizimda foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini saqlash uchun ilovani tanlash imkoniyati ham yaratilmoqda. Shunda turli saytlardan ro‘yxatdan o‘tish qo‘lda emas, ilova tomonidan avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

Android O’dagi «Suratdagi surat» rejimi yordamida bir vaqtning o‘zida ham messejerdan foydalanib, ham video tomosha qilish mumkin. Buning uchun ekrannig bir qismida maxsus ekran paydo bo‘ladi.

Operatsion tizimning dastur ishlab chiqaruvchilari uchun qulay jihatlari: WebView, Java 8 API, java.time API va qator dasturlash tillarini qo‘llab-quvvatlashi.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan smartfonlardan tashqari, dastur ishlab chiqaruvchilar bir tizimni boshqa tizimga o‘giruvchi dasturlar kompleksi, ya’ni emulyator yordamida Android O operatsion tizimining sinov talqinidan kompyuterlarida ham foydalanishlari mumkin.

Google kuzgacha Android O operatsion tizimini boshqa foydalanuvchilar uchun ham e’lon qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Android O” nomidagi “O” harfi qaysidir shirinlik sharafiga qo‘yilgan. Operatsion tizim to‘liq ishga tushgach, buni bilib olamiz. Hozircha, esa Oreo — shirin qaymoq bilan bir-biriga yopishtirilgan 2 ta shokoladli gardishli pechenesi ekani taxmin qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Google Android operatsion tizimining yangi talqinlariga shirinlik nomlarini berishni yaxshi ko‘radi: L — Lollipop, M — Marshmallow. Ayni paytdagi Android 7.0 ham, N — Nougat, ya’ni shakar, asal va qovurilgan yong‘oq aralashtirib tayyorlanadigan shirinlikdir.