Google insoniyat tarixidagi eng yirik jarimaga tortildi

Google insoniyat tarixidagi eng yirik jarimaga tortildi

Yevropa Ittifoqi Yelp, TripAdvisor kabi yirik onlayn savdo bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning Google ustidan qilgan shikoyatlaridan so‘ng tekshiruv o‘tkazib, Google’ning “ona kompaniyasi” bo‘lgan Alphabet’ni rekord darajadagi — $2.7 milliard dollarlik jarima bilan jazoladi.

Bu to‘g‘rida Yevrokommissiyaning saytida ma’lum qilingan: «Yevropa komissiyasi YeIning antimonopoliya bo‘yicha qonunlarini buzgani uchun Google’ga €2,42 mlrd yevro jarima soldi», — deyiladi press-relizda.

Antimonopoliyaga oid qonunchilik bo‘yicha jazolangan Google’ga onlayn qidiruv tizimida o‘zining ustunligidan foydalanib, uni suiiste’mol qilganlik ayblovi qo‘yilgan.

Surishtiruv jarayonlarida kompaniyaning so‘nggi 7 yillikdagi onlayn savdo bo‘yicha xatti-harakatlari tekshirib ko‘rilganida, uning sun’iy usulda Google Shopping onlayn savdo xizmatlarini ommalashtirishga uringani aniqlangan. Ya’ni, modomiki mijoz Google tizimiga biror mahsulotni sotib olish uchun qidiruvga bersa, tizim avvalo Google Shopping xizmatining mahsulotlarini “o‘tkazish”ga harakat qilgan va narx-navolarni raqiblarnikidan arzonroq ko‘rsatishga uringan.

Agar amerikalik kompaniya 90 kun ichida o‘zining noqonuniy xatti-harakatlarini bartaraf qilmasa, Alphabet xoldingiga nisbatan sanksiyalar yanada kuchaytiriladi. Alphabet hozircha bu ayblovlarni tan olmayapti.

$2.7 milliard dollar — bu muayyan kompaniya uchun tarixdagi yirik jarima hisoblanadi. Shu vaqtga qadar Intel kompaniyasiga 2009 yilda 1.06 milliard yevro jarima solingan edi. Ammo, ekspertlarning fikricha, bu jarima miqdori Google uchun “daryodan tomchi”. Bu jarimaning xavfli jihati — kompaniyaning Google Search tizimidagi reklama va onlayn savdodan oladigan daromadi keskin tushib ketishi mumkin.