Google kompaniyasi Android Pay xizmatini tatbiq etishni boshladi

Google kompaniyasi Android Pay xizmatini tatbiq etishni boshladi

Google kompaniyasi Android Pay mobil to‘lovlar xizmatini ishga tushirishni boshlaganini e’lon qildi. Mazkur xizmat Android operatsion tizimidan mobil qurilmalar yordamida oddiy va xavfsiz to‘lovlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan.

Android Pay’dan foydalanish uchun NFC chipi bilan ta’minlangan, Android 4.4 KitKat yoki undan ham yangiroq tizimda ishlaydigan mobil qurilma kerak bo‘ladi. Servis eng yirik to‘lov tizimlari — American Express, Discover, MasterCard va Visa’ning kredit va debet kartalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Google’ning mazkur yangi taklifidan hozircha faqat AQShda foydalanish mumkin. Hozirgacha AQShning eng yirik banklari va kredit ittifoqlari — American Express, Bank of America, Discover, Navy Federal Credit Union, PNC, Regions Bank, USAA va U.S. Bank bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Tez orada hamkorlar ro‘yxati yanada to‘ldiriladi, ular qatoriga Wells Fargo, Capital One va Citi ham qo‘shiladi. Shuningdek, savdo hamkorlari ro‘yxati ham juda keng ekanligi, kelajakda har ikkala hamkorlar ro‘yxati faol kengaytirib borilishi aytilmoqda.

Google’ning qayd etishicha, Android Pay servisi nafaqat qulay, balki xavfsiz hamdir. Hisob-kitob uchun bir martalik tokenlardan foydalaniladi, kartadagi ma’lumotlar esa qayta uzatilmaydi. Servisning virtual hisobraqam bilan ishlashi xavfsizlik darajasini yana bir karra oshiradi.

Xarid amalga oshirilganida foydalanuvchi to‘lov tasdig‘ini ko‘radi, unda hisob-kitob aynan qayerda amalga oshirilgani ham ko‘rsatib o‘tiladi. Shunday qilib, istalgan shubhali faollikning ketiga tushib, topish mumkin. Agar smartfon yo‘qolsa yoki o‘g‘irlansa, foydalanuvchi Android Device Manager yordamida qurilma faoliyatini blok qilishi mumkin.

Google Wallet’ning amaldagi foydalanuvchilari Wallet dasturi yaqin orada yangilanganidan so‘ng Android Pay’dan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Yangi foydalanuvchilari esa Google Play’dan Android Pay’ni yuklab olishlari mumkin.

Servisdan yaqin bir necha kun ichida foydalanish mumkin bo‘ladi. Xabar berishlaricha, AT&T, T-Mobile va Verizon Wireless operatorlari orqali sotilayotgan NFC chipli barcha yangi Android-smartfonlarga Android Pay mobil dasturi oldindan o‘rnatib qo‘yiladi.

Google kelajakda Android Pay’ning funksional imkoniyatlarini kengaytirish niyatida. Masalan, mobil dasturlarda to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati — mazkur funksiyani 2015 yil oxiriga qadar tatbiq etish ko‘zda tutilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!