Google’ni zabt etgan kamtar hind yigiti

Google’ni zabt etgan kamtar hind yigiti

Universitetda o‘qib yurgan kezlarim, sotsiologiya fanidan dars bergan domlamiz kelajakka sarmoya haqida gapira turib, farzand ta’lim-tarbiyasi yo‘lida sarflangan mol-davlat, shaxs va jamiyat istiqboli uchun qilinadigan eng afzal sarmoya ekanligini aytib o‘tgan edilar. Qahramonimiz Sundar Pichaining hayot yo‘li mana shu o‘gitga bag‘oyat mos keladi. Sababi uning otasi o‘z vaqtida oila bisotidagi 1000 AQSh dollarini sarflab, o‘g‘lini Amerikaga o‘qishga jo‘natadi. Kun kelib o‘g‘il jahondagi eng yirik kompaniyaga bosh bo‘lishini kim o‘ylabdi deysiz o‘shanda.

2015 yil… Google mahsulotlarining rivojiga katta hissa qo‘shgan 43 yoshli hind yigiti Sundar Pichai Google’ning ijrochi direktori lavozimiga tayinlanadi. Google ta’sischilari Larri Peydj va Sergey Brin uning sadoqati va mehnatini yuksak baholaydilar. Shunday qilib Pichai AQShda yirik kompaniyaga bosh bo‘lgan ikkinchi hind millatiga mansub shaxsga aylanadi (undan oldin 46 yoshli Satya Nadella Microsoft korporatsiyasiga boshliq etib tayinlangan edi).

Pichaining tarjimai holi bilim va tinimsiz mehnat orqali inson yuqori darajalarga erishishi mumkinligiga munosib misol bo‘la oladi. Sundar Pichai Hindistonning Chennai shahrida tug‘ilgan va shu yerda ulg‘aygan. Uning onasi stenograf, otasi esa muhandis-elektrik vazifasida ishlashgan. Oila 2 xonali kvartirada kamtarona hayot kechirgan, na mashinasi va na televizori bo‘lgan. Pichaining eslashicha, u va ukasi xonadondagi mehmonxonada uxlashgan. Sundar maktabda yaxshi o‘qiydigan o‘quvchilardan hisoblangan.

Sundar 1993 yilda Xaragpur universitetini tamomlab, muhandis-metallurg diplomini qo‘lga kiritadi. Shundan keyin tahsilni AQShdagi mashhur Stenford universitetida va Uorton biznes maktabida davom ettiradi.

Uning AQShga kelishi oson kechmaydi. Pichaining otasi oila bisotidan 1000 AQSh dollari atrofida pul ajratib, o‘g‘lini Amerikaga yuboradi (o‘sha payt va, ayniqsa, Hindiston uchun bu katta mablag‘ hisoblangan). Keyinchalik Sundar “Mening ota-onam o‘sha paytlarda ko‘plab ota-onalar qilgan ishni amalga oshirdilar. Ular o‘zlarining yillar davomida og‘ir mehnat va mashaqqat bilan yiqqan bisotlarini o‘g‘illarining o‘qishi uchun sarfladilar”,- deb ularning jasoratlarini ta’kidlab o‘tadi.

2002 yilda Pichai McKinsey kompaniyasiga konsultant vazifasiga ishga olinadi. 2004 yilda esa u Google jamoasiga qo‘shiladi. Pichai Chrome OS operatsion tizimi, Google Drive  xizmati va Android mobil platformasi kabi mashhur mahsulotlarni ishlab chiqishda bosh-qosh bo‘ladi.

2011 yilda Google ta’sischilari 50 mln AQSh dollariga teng kompaniyaning aksiyalarini Pichaiga ajratib, uni samimiy mukofotlashadi. Mish-mishlarga ko‘ra, Sundarni Twitter va Microsoft kompaniyalari ham ishga taklif etgan.

Pichai 2014 yilda Google’ning mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha rahbari etib tayinlanadi va Google+Google Wallet, Android Pay kabi servislarning yuksalishiga javob beradi.

O‘tgan yili esa u korporatsiyaning bosh ijrochi direktori lavozimini egalladi.

Pichai, mana bir necha yildan beri ko‘pchilik tomonidan intiqib kutiladigan Google I/O konferensiyasini olib boradi. Bundan tashqari, u kompaniyaning yangi mahsulot va servislarini taqdim etishda ham katta jonbozlik ko‘rsatadi.

Shubhasiz, Pichai dasturlashda mohir bo‘lgan millionlab hind yoshlari uchun yorqin mayoq. U barchani ilhomlantira oladigan muvaffaqiyat namunasi…