Google o'zining uzoq kutilgan Pixel 7a smartfonini taqdim qildi!

Google o'zining uzoq kutilgan Pixel 7a smartfonini taqdim qildi!

O'zining Google I/O 2023 taqdimotida Google anchadan beri mish-mish qilib kelinayotgan Pixel 7a o'rta sinf smartfonini rasman namoyish qildi. O'tgan yilgi Pixel 6a davomchisi bu yil yaxshigina yangi xususiyatlarni o'zlashtirgan va ular bilan batafsil quyida tanishishingiz mumkin.

Bir qarashda Pixel 7a smartfonini o'tgan yili chiqarilgan Pixel 7 flagmanidan ajratib bo'lmaydi yoxud dizayn borasida ikkala smartfonlar ham bir xil: smartfon orqa tomonida alyuminiy kamera paneli, atrofida metal ramkaga ega va uning orqa tomoni plastik bilan yopilgan. U bo'yiga 152 mm, eniga 72.9 mm o'lchamda va 9 mm qalinlikda bo'lib, uning og'irligi 192 grammni tashkil qiladi. Smartfon IP67 bilan chang va suvga bardoshli deb topilgan.

Pixel 7a smartfoni 6.1 dyuymli FHD+ (1080×2400) rezolyutsiyasidagi OLED displey bilan jihozlangan va u Corning Gorilla Glass 3 himoya oynasi ostida. Uning yangilanish tezligi 90 gerts bo'lib, buni o'tgan yilgi Pixel 6a modelining 60 gerts yangilanish tezligidan yaxshi o'sish deyish mumkin.

Tasvirga olish borasida ham smartfon bir qancha yangiliklarga ega: uning asosiy kamerasi 12 MP dan 64 MP (f/1.89) ga yangilangan. Tasvirni ham optik, ham elektronik barqarorlashtirish xususiyatlariga ega ushbu kamera bilan 60 kadr/sekund tezlikda 4K formatidagi videolar olishingiz mumkin.

Uning yonida esa 120 gradus ko'rish maydoniga ega ikkinchi kamera – 13 MP (f/2.2) ultra-keng sensor joylashgan. Selfilar yoki yuzni aniqlash bilan smartfonni qulfdan chiqarish imkoniyatlaridan foydalanish uchun smartfon old tomonida 13 MP (avvalgisida 8MP edi) kamera bilan ta'minlangan. Kameralarga qo'shimcha tarzda siz smartfonda Google'ning Photo Unblur, Magic Eraser va Real Tone kabi funksiyalaridan ham foydalanishingiz mumkin.

Pixel 7a kapot ostida ham bir qancha yaxshi o'zgarishlar bilan keladi: qurilma xuddi o'zining yuqori modellari kabi Tensor G2 chipsetida ishlaydi va unga Titan M2 xavfsizlik protsessori hamrohlik qiladi. Smartfon 8 GB (LPDDR5) operativ va 128 GB (UFS 3.1) xotiraga ega. Taqqoslash uchun Pixel 6a birinchi avlod Tensor chipsetida 6 GB operativ xotira bilan ishlar edi.

Qurilmaning 4300 mA/soat batareyasini 18 Vt tezlikda USB Type-C (3.2 Gen 2) sim orqali yoki Pixel Stand'ga qo'yish bilan 7.5 Vt tezlikda simsiz quvvatlash mumkin va bu ham byudjet Pixel smartfoni liniyasi uchun yangilik hisoblanadi. Albatta, smartfon Google'ning eng so'nggi versiyadagi operatsion tizimi, "toza" Android 13 da ishlaydi. Kompaniya smartfon uchun kamida 5 yillik xavfsizlik yangilanishlarini va'da qiladi.

Aloqa va ulanish tomonda smartfon 5G, Wi-Fi 6E va Bluetooth 5.3 texnologiyalarini qo'llab-quvvatlaydi. Qo'shimchasiga, smartfonda barmoq izi skaneri (ekran ostida), stereo dinamiklar, ikki mikrofonlar va NFC mavjud.

Pixel 7a smartfoni "ko'mir", "dengiz", "qor" va "marjon (qizil)" ranglarda taklif qilinadi. Uning narxi 499 dollar va u AQSH, Kanada, Avstraliya, Hindiston, Yaponiya, Singapur, Tayvan va boshqa Yevropa mamlakatlarida sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!