Google Pixel 3a va 3a XL taqdim etildi: ular kutilganidan arzonroq ekan!

  •   DiMaX
  •  1116
  •  08.05.2019 11:47

Google Pixel 3a va 3a XL taqdim etildi: ular kutilganidan arzonroq ekan!

Google kompaniyasi «hamyonbop» Pixel 3a va 3a XL smartfonlarini allaqachon tayyorlagan. Terabayt.uz saytida ularning «jonli» suratlari va hatto videolarigacha e’lon qilingan.

O‘QING: «Kambag‘albop» Pixel 3a XL smartfonlari taqdimotdan avval do‘konlarga keldi, narxlari bilan tanishing!

Nihoyat, kecha – 7 may kuni, Google I/0 2019 anjemani doirasida kompaniya Pixel 3a hamda Pixel 3a XL modellarini rasman taqdim etdi. AQShda uni allaqachon bir qator mahalliy operatorlar – T-Mobile, Sprint, US Cellular va Verizon orqali xarid qilish mumkin. Ularning rasmiy narxlariga kelsak: Pixel 3a modeli 400 dollardan, Pixel 3a XL esa – 480 dollardan boshlanadi.

Bular – avvalroq taqdim etilgan Pixel 3 va 3 XL smartfonlarining nisbatan arzon variantlari, ammo kameralari o‘sha flagmanlar darajasida kuchli. Google taqdimotda ularni hatto «eng arzonga olish mumkin bo‘lgan Pixel kameralari» deb ham ta’riflagan.

Avval insayderlar ushbu smartfonlarning birmuncha qimmat narxlanishini aytishgan edi, Google bu xavotirlarga chek qo‘ydi.

O‘QING: Google’ning «kambag‘albop» Pixel 3a smartfoni Snapdragon 855 chipli Mi 9 narxida sotiladi!

Flagmanlardan farqlariga va asosiy xususiyatlariga keladigan bo‘lsak, Google Pixel 3a modeli diagonaliga 5,6 dyuymlik AMOLED-ekran bilan jihozlangan, uning tasvir aniqligi 2220x1080 pikselga teng. Smartfonning texnik ta’minoti asosini Snapdragon 670 protsessori tashkil etadi, tezkor xotirasi 4 GB, ichki xotirasi 64 GB hajmga ega, akkumulyatori esa 3000 mA/soatlik. Qurilmaning o‘lchami 151,3x70,1x8,2 millimetr keladi, vazni 147 gramm tosh bosadi.

Google Pixel 3a XL smartfonining AMOLED-ekrani bo‘lsa diagonaliga 6,0 dyuymlik, uning displeyi 2160x1080 piksellik aniqlikda tasvir uzata oladi. «Elektron yuragi» o‘sha – Snapdragon 670 chipi, tezkor/doimiy xotira hajmi 4/64 gigabaytlik, batareyasi esa 3700 mAsoatlik tok sig‘imiga ega. Smartfon gabariti 160,1x76,1x8,2 millimetrni, og‘irligi 167 grammni tashkil etadi.

Har ikkala smartfonning umumiy jihatlari: korpuslari plastikdan ishlangan, ekranlarini himoyalash uchun Gorilla Glass o‘rniga arzonroq Dragon Trail shishalari qo‘llangan. Daktiloskoplari orqa panelga o‘rnatilgan, microSD-karta uyachasi yo‘q. Har ikkalovi ham 18 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvatlana oladi. Ularda stereofonik dinamiklar qo‘llangan, quloqchin uchun standart 3.5 millimetrlik audiotirqishlari bor.

Pixel 3a hamda Pixel 3a XL eng so‘nggi – Android 9.0 Pie operatsion tizim o‘rnatilgan holda chiqarilgan va ularda allaqachon Android 10 Q tizimini sinab ko‘rish mumkin.

O‘QING: RASMAN: Android Q uchinchi beta-versiyasigacha yangilanuvchi smartfonlar ro‘yxati

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.