Google Pixel 4 hamda Pixel 4 XL: Betakror funksiyalar va yangi dizayn, lekin narxi... (+video)

  •   DiMaX
  •  2500
  •  16.10.2019 14:06

Google Pixel 4 hamda Pixel 4 XL: Betakror funksiyalar va yangi dizayn, lekin narxi... (+video)

Qidiruv giganti yillik Made by Google tadbirida o‘zining yangi mahsulotlarini namoyish etdi. Ular orasida eng kutilganlari, tabiiyki, Google Pixel 4 va Pixel 4 XL smartfonlari bo‘ldi.

O‘QING: iPhone 11 Pro hamda Google Pixel 4 «chatishma»si – atigi 140 dollar! (+«jonli» rasm)

Bu ikki smartfonning tashqi ko‘rinishi Apple yaqinda namoyish qilgan iPhone 11 Pro hamda iPhone 11 Pro Max flagmanlariga o‘xshab ketadi, faqat orqa paneli ular kabi qo‘pol emas. Shuningdek, Google ilk bor o‘z smartfonlarida uch modulli bosh kamera qo‘llagan. Kvadrat blokka joylangan kamera 12 megapiksellik (Dual-Pixel texnologiyali) asosiy modul, 16 megapiksellik (optik va raqamli barqarorlashtirish tizimiga ega) telefoto-datchik, shuningdek sahna chuqurligi senoridan iborat.

Google Pixel 4’lar kamerasi ikki karra optik zumga ega, soniyasiga 30 kadr tezligida 4K sifatida video suratga ola biladi. Shuningdek, sekinlashtirilgan rejimida soniyasiga 120 kadr tezligida 1080p sifatida videoga olish mumkin! Old kamera esa 8 megapiksellik yakka datchikka ega.

Ushbu flagmanlar Pixel Neural Core neyron protsessori bilan jihozlangan – u kameralarga tasvirni real vaqt rejimida HDR+ sifatida qayta ishlash imkonini bergan.

Google Pixel 4 hamda Google Pixel 4 XL yangilanish chastotasi 90 gerslik OLED panellar bilan ta’minlangan. Har ikkalasida ham ekranning tomonlari o‘zaro 19:9 nisbatda, lekin ularning o‘lchami va tasvir uzatish sifati turlicha. Bazaviy modelga 5,7 dyuymlik, Full HD+ formatli (1920x1080 piksellik) matritsa o‘rnatilgan. Katta model esa 6,3 dyuymlik, 3040x1440 piksellik ekranga ega. Matritsa HDR, Always On hamda Ambient EQ rejimlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bulardan oxirgisi atrofning yoritilganlik darajasiga ko‘ra ekran yorqinligini va ranglar uzatilishini avtomatik tarzda sozlaydi.

Qolgan smartfonsozlar romsiz ekran dizayni bo‘yicha poygalashayotgan bir pallada Google bunga umuman intilmagan. Yangi «Piksel»lar displeylari sezilarli romlarga ega, ayniqsa yuqori qismida. Ayni shu joyga betakror funksiya uchun Google Soli chipi o‘rnatilgan, u havodagi ishoralar orqali smartfonni boshqarish imkonini beradi!

Foydalanuvchi smartfonga umuman teginmasdan, kaftini havoda xarakatlantirgan holda musiqani almashtirishi, ovozni balandlatishi mumkin va hokazo. Kelajakda mazkur chipning funksionali yanada kengaytirilishi kutilmoqda. Google Pixel 4’larda dinamik hamda yuzni tanish datchigi ham ekranning tepasidagi enli hoshiyaga o‘rnatilgan.

O‘QING: Kim qo‘ng‘iroq qilayotganini iPhone’ni qo‘lingizga olmay turib aniqlash yo‘li bor!

Smartfonlarning afzalliklari qatorida yana IP68 darajasida suv va changdan himoyalanganligi, NFC chipi, Titan M xavfsizlik moduli hamda Pixel Stand simsiz quvvatlash texnologiyasini sanab o‘tish mumkin.

Google flagmanlari tezkor xotirasi faqat bir xil – 6 gigabaytlik, doimiysi esa 64 va 128 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi. Lekin ularning «elektron yuragi» sifatida Qualcomm Snapdragon 855 chipseti tanlangani g‘alati. Axir, hatto Realme, Redmi singari arzonchi brendlar ham o‘z smartfonlarida eng zo‘r Android-protsessor – Snapdragon 855 Plus qo‘llay boshlashgan-ku!

Pixel 4 modelining akkumulyatori tok sig‘imi 2800 mA/soatlik, Pixel 4 XL batareyasi esa – 3700 mA/soatlik. Har ikkalasida 18 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi joriy etilgan. Smartfonlarga qadoqdanoq eng yangi – Android 10 operatsion tizim talqini o‘rnatilgan.

O‘QING: Android 10'ning xalqaro proshivkasi kelishni boshladi

Quyida Google mazkur flagmanlarga bag‘ishlab tayyorlagan rasmiy videolavhani tomosha qilamiz:

Yuqoridagi xususiyatlarini hisobga olsak, Pixel 4 va Pixel 4 XL uchun narx belgilashda Google unchalik ham insof qilmagan. Pixel 4 modelining boshlang‘ich – 64 gigabaytlik ichki xotiraga ega modifikatsiyasi uchun 799 dollar, 128 gigabaytligi uchun esa 899 dollar narx belgilangan. Google Pixel 4 XL flagmanining bo‘lsa 64 GBligi uchun 899 dollar, 128 GBligi uchun 999 dollar so‘rayapti. Smartfonlar xaridorlarga qizil, oq va apelsin rangli korpuslarda taklif etiladi.

O‘QING: 1 noyabrgacha smartfon olishga ulguring, keyin IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish pulli bo‘lib, narxlar ham oshadi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!